
Turkiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik ayol otishmada halok bo‘ldi
08.07.2025 | 08:0037623
2025 yil 5 iyul kuni Turkiyaning Aydin viloyatida sodir bo‘lgan otishmada o‘zbekistonlik ayol halok bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 35 yoshli marhuma Muattar Aliyeva mahalliy restoranda ofitsiant sifatida ishlab kelayotgan bo‘lgan.

Turkiyaning Milliyet nashrining yozishicha, otishma paytida u bosh qismidan og‘ir jarohat olgan va voqea joyida vafot etgan.
Hodisa 5 iyul kuni tungi soat 03:30 atrofida Ko‘shk tumanidagi Yovuzko‘y mahallasidagi restoranlardan birida sodir bo‘lgan. Muattar Aliyeva boshidan o‘q yegan holda topilgan. Ayol og‘ir jarohati bilanKo‘shk davlat shifoxonasiga yetkazilgan, ammo shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, uning hayotini saqlab qolishningn imkoni bo‘lmagan.
Tergov doirasida dastlab muassasa egasi Reshit Y. ushlangan. Keyinchalik surishtiruvlar chuqurlashtirilib, yana to‘rt nafar shaxs — K.K., Ye.K., A.Ch. va A.D. qo‘lga olingan. Hozirda barcha gumondorlar Aydin adliya mahkamasiga yetkazilgan.
Ayni paytda Muattar Aliyevaning o‘limi bo‘yicha surishtiruvlar Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi Bosh konsulxonasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Turkiyadagi vakolatxonasi ayolning jasadini O‘zbekistonga yuborish va yaqinlariga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.





