
Turkiyada kuchli zilzila oqibatida deyarli 70 kishi jabrlandi
03.06.2025 | 11:4010953
Marmaris shahri yaqinida ro‘y bergan 5,8 magnitudali zilzila natijasida kamida 69 kishi jarohat oldi, ularning aksariyati panika oqibatida balandlikdan sakragan. Bir qizaloq halok bo‘ldi.

Turkiyaning Mugla viloyatidagi Marmaris shahri yaqinida 5,8 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. RBK ma’lumotiga ko‘ra, zilzila epitsentri shahardan 10,4 km uzoqlikda, 67,9 km chuqurlikda qayd etilgan. Bu kuchli zarba oqibatida deyarli 70 kishi jabrlangani xabar qilindi.
Viloyat gubernatori Idris Akbiyik ma’lum qilishicha, jabrlangan 69 kishidan 14 nafariga birinchi yordam joyning o‘zida ko‘rsatilgan va ular shifoxonaga yotqizilishdan bosh tortgan. Qolgan 55 kishi shifoxonaga yetkazilgan, 10 nafar bemor tez yordam mashinasida olib borilgan.
Ayni paytda 46 kishi shoshilinch tibbiyot bo‘limlarida muolaja va kuzatuvda qolmoqda. 8 nafar bemor esa shifoxonadan chiqarilgan. Zilzila oqibatida aholi panikaga tushib, ko‘plab fuqarolar uylardan sakragani ta’kidlandi.
Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikayaning ma’lum qilishicha, zilzila oqibatida 14 yoshli qizaloq halok bo‘lgan. Shuningdek, jabrlanganlarning aksariyati tahlika tufayli balandlikdan tushib, jarohat olgan.
Mahalliy rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, aholi punktlarida binolarga katta zarar yetmagan. Hukumat tomonidan zarar ko‘rganlarga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish ishlari olib borilmoqda.





