
Turkiyada Marmar dengizi sohildan 20 metr ortga chekindi
Turkiyaning Tekirdog‘ viloyatida Marmar dengizi suvlari sohildan taxminan 20 metr ortga chekindi va bu holat mahalliy aholi o‘rtasida xavotir uyg‘otdi.

Turkiyaning Tekirdog‘ viloyatiga qarashli Marmara-Ereglisi tumanida Marmar dengiz suvlari kutilmaganda sohil chizig‘idan taxminan 20 metrga ortga chekindi. Bu haqda 17-dekabr kuni Habertürk telekanali xabar berdi.
Suvning ortga chekinishi natijasida sohil bo‘ylab qumli maydonlar paydo bo‘lgan, ayrim joylarda esa kichik orolchalarga o‘xshash shakllar hosil bo‘lgan. Shuningdek, qirg‘oq yaqinida turgan bir nechta baliqchilar qayiqlari sayozlikda qolib, quruqlikka chiqib qolgan.
Ushbu manzara mahalliy aholi orasida xavotir va turli taxminlarni keltirib chiqargan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Istanbul va Marmara mintaqasida ehtimoliy kuchli zilzila haqidagi prognozlar fonida bu holat jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Biroq Qandilli observatoriyasi mutaxassislari aholini xotirjamlikka chaqirdi. Olimlar ta’kidlashicha, dengiz suvining bunday ortga chekinishi seysmik faollik bilan bog‘liq emas. Ularning izohiga ko‘ra, hodisa meteorologik omillar — xususan, atmosfera bosimining o‘zgarishi va shamol yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar bunday tabiiy holatlar Marmar dengizi hududida ilgari ham kuzatilganini qayd etib, bu holat yaqin vaqtda zilzila yuz berishiga ishora qilmasligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 8-dekabr kuni Turkiyaning Antalya viloyatida magnitudasi 5,1 bo‘lgan zilzila qayd etilgan edi. O‘shanda epitsentr Antalya shahridan taxminan 15 km shimoli-sharqda joylashgani ma’lum qilingan.





