
Turkiyani jilovlash rejasi: Isroil va Gretsiya Turkiya biqinida harbiy guruh tuzmoqda
Turkiya–Gretsiya o‘rtasida harbiy keskinlik xavfli bosqichga chiqdi — tahlil.

Afina tomonidan Isroil, Gretsiya va Kipr ishtirokida Sharqiy O‘rta Yer dengizi hamda Egey dengizida 2500 nafar harbiy xizmatchidan iborat «tezkor zarba berish kuchlari»ni tashkil etish rejalari e’lon qilingach, Anqara-cAfina o‘rtasidagi keskinlik o‘zining cho‘qqisiga chiqdi.
Avvalroq, Isroil, Gretsiya va Janubiy Kiprning Sharqiy O‘rta Yer dengizi hamda Egey dengizida qo‘shma harbiy guruh tuzish rejalari haqida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu guruh Turkiyaning oshib borayotgan harbiy qudratiga qarshi strategik kurash vositasiga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur harbiy tuzilma havo, quruqlik va dengiz tarkibiy qismlarini o‘z ichiga olishi hamda Turkiya qirg‘oqlariga bevosita yaqin bo‘lgan Rodos va Karpatos orollarida joylashtirilishi rejalashtirilgan.
Gretsiya tomoni ushbu harbiy birlashmani tuzish g‘oyasini rasman suv osti energetika va infratuzilma ob’ektlarini, jumladan, quvurlar va elektr kabellarini himoya qilish zarurati bilan asoslamoqda. Biroq, Gretsiya ommaviy axborot vositalari asosiy sabab — Turkiyaning Sharqiy O‘rta Yer dengizidagi harbiy ishtiroki va imkoniyatlari kuchayib borayotgani ekanini deyarli yashirmayapti. Afina buni o‘z xavfsizligiga nisbatan strategik tahdid sifatida qabul qilmoqda.
19-dekabr kuni Gretsiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi (GEETHA) Turkiyaning ikkita F-16 qiruvchi samolyoti Afina parvoz axborot hududiga kirgani va mamlakat havo hududini buzganini ma’lum qildi. GEETHA bayonotiga ko‘ra, shunga o‘xshash holatlar Egey dengizining shimoli-sharqidagi Lemnos va Lesbos orollari oralig‘ida ham qayd etilgan. Bu galgi holat oddiy epizod emas, balki havo jangi simulyatsiyasi elementlariga ega murakkab harbiy sxema ekani, bu esa Gretsiya tomonini o‘z qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘tarishga majbur qilgan.
Shu kuni Gretsiya ommaviy axborot vositalari boshqa hodisalar haqida ham xabar berdi:
— Turkiyaning uchuvchisiz uchish apparati Egey mintaqasida parvoz qoidalarini ikki bor buzgan;
— Anqaraga tegishli ATR-72 dengiz patruli samolyoti Gretsiya havo hududiga olti marta kirib chiqqan.
Afinada ushbu voqealar Egey dengizida xavfli dinamikani keltirib chiqaruvchi va keskinlikni oshiruvchi qo‘shimcha omillar sifatida taqdim etildi.
Garchi Gretsiya Havo mudofaa tizimi (HMT) profilaktik choralar ko‘rganini rasman e’lon qilgan bo‘lsa-da, Afinadagi harbiy amaldorlar vaziyatni «yuqori darajadagi xatarli» deb baholadi. Mazkur hodisa Turkiya va Gretsiya Harbiy havo kuchlari o‘rtasida qariyb uch yil ichida sodir bo‘lgan ilk havo to‘qnashuvi deb ataldi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi oylarda Sharqiy O‘rta Yer dengizi va Egey dengizida keskinlik ortishini Gretsiya va Isroil o‘rtasidagi hamkorlik chuqurlashayotgani bilan bevosita bog‘liq. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya rahbariyati 1923-yilgi Lozanna shartnomasi Egey dengizidagi orollarni demilitarizatsiya qilishni (harbiylashtirmaslikni) nazarda tutishiga e’tibor qaratmoqda. Afinaning harbiy infratuzilmani joylashtirish va ittifoqchilik formatlarini kengaytirish borasidagi harakatlari esa ushbu qoidalarga zid.
«Gretsiyaning Isroil bilan birgalikda Afinadan uzoqda, lekin Turkiya qirg‘oqlariga juda yaqin joylashgan Rodos oroliga harbiy kuchlarni joylashtirishga urinishi Anqarada jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Ehtimol, Turkiya Afinani ogohlantirish maqsadida tiyib turish choralari deb tavsiflanishi mumkin bo‘lgan muayyan qadamlarni qo‘yishi mumkin», — deya vaziyatni sharhladi haqqin.az manbasi.
Shuningdek, Anqaradagi manbalar keskinlikning kuchayishini Fransiyaning ushbu mintaqadagi jarayonlarga faolroq aralashishga urinishi bilan ham bog‘lamoqda. Fransuzlar tomonidan Gretsiya harbiy-dengiz kuchlariga topshirilgan «Kimon» harbiy kemasining Turkiya qirg‘oqlaridan taxminan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan Salamin dengiz bazasiga kiritilishi haqidagi xabarlar Turkiya tomonining ochiq g‘azabiga sabab bo‘ldi. Anqara «Kimon» kemasining Gretsiya floti tarkibiga kirishi mintaqadagi nozik kuchlar muvozanatini buzishi va yangi ziddiyatlar to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin deb hisoblaydi.





