Turkiyaning Aydinida otilgan o‘zbek ayoli: aybdorga umrbod qamoq talab qilinmoqda

16.02.2026 | 18:122 daqiqa

Aydinda ko‘ngilochar maskanda boshiga o‘q uzilgan o‘zbekistonlik ayol o‘limi bo‘yicha ayblov xulosasi tayyorlandi. Korxona egasiga og‘irlashtirilgan umrbod jazo so‘ralmoqda.

Turkiyaning Aydinida otilgan o‘zbek ayoli: aybdorga umrbod qamoq talab qilinmoqda

Turkiyaning Aydin viloyati Ko‘shk tumanida 35 yoshli o‘zbekistonlik Muattar Aliyeva ko‘ngilochar maskanda boshidan o‘q yegan holda topilib, shifoxonada vafot etgan edi. Tergov yakunida korxona egasi Rashit Yasanga nisbatan «ayolga qarshi qasddan odam o‘ldirish» moddasi bilan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosi talab qilingan ayblov xulosasi tayyorlandi, deb xabar bermoqda «Haberler.com».

Hodisa o‘tgan yil 5-iyul kuni soat 03:30 atrofida Yavuzko‘y mahallasidagi gazinoda sodir bo‘lgan edi. Og‘ir ahvoldagi Aliyeva Ko‘shk davlat shifoxonasiga olib borilgan, ammo shifokorlar uni qutqara olmagan. Tergov davomida Rashit Yasan qo‘lga olingan, shuningdek, Emrah K., Akif D., K.K. va A.Ch. ham ushlangan.

Yasan «ayolga qarshi qasddan odam o‘ldirish»da ayblanib qamoqqa olingan. Akif D. kamera yozuvlarini o‘chirgani, Emrah K. esa jinoyatda ishlatilgan qurolni yo‘q qilgani gumoni bilan «dalillarni yo‘q qilish» moddasi bo‘yicha qamalgan. Keyinchalik ayrim gumondorlar advokatlar shikoyatidan so‘ng ozod etilgan. Tergov jarayonida Ibrohim Y. ham dalillarni yo‘q qilgani aniqlangan.

Ayblov va himoya

Tergov doirasida 40 nafar shaxs so‘roq qilingan. Ayblov xulosasida Yasanga og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosi, qolgan uch gumondorga esa 5 yilgacha qamoq jazosi so‘ralgan.

Yasan ko‘rsatmasida Aliyeva bilan munosabatlar tugaganini aytgani, ayol bunga rozi bo‘lmay, o‘z joniga qasd qilishini bildirganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Aliyeva avval havoga o‘q uzgan, so‘ng o‘zini otgan. Hodisaning yagona guvohi ham shunga o‘xshash ko‘rsatma bergan.

Biroq ayblov xulosasida Yasanning o‘zini himoya qilish maqsadida bunday bayonot bergani qayd etilgan. Hodisadan keyin u shifoxonaga olib ketilayotganda «Qurol qayerda?» va «Yozuvlar nima bo‘ldi?» deya so‘ragani ayblov xulosasiga kiritilgan.

Tergov xulosasi

Hujjatda hodisa sodir bo‘lgan xonada kuzatuv kamerasi bo‘lmagani ko‘rsatilgan. Akif D. esa hodisa paytiga oid yozuvlarni o‘chirmaganini aytgan. Emrah K. yashirgani gumon qilingan qurolni keyinchalik prokuraturaga topshirgan.

Ayblov xulosasi ishni sudga yuborish uchun rasmiylashtirilgan. Sud jarayonida barcha dalillar va guvohliklar qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Avvalroq Istanbulda o‘zbekistonlik ikki ayol o‘ldirilib, jasadlari burdalangani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid