Turkiyaning Hatay viloyatida O‘zbekiston mahallasi ochildi
2023-yilgi kuchli zilziladan so‘ng O‘zbekiston tomonidan O‘rta yer dengizi sohilida to‘liq jihozlangan turar joy majmuasi barpo etildi.
© uzaOliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyaning Hatay viloyatiga tashrifi chog‘ida Arsuz tumanidagi 300 dan ziyod xonadonni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston mahallasining ochilish marosimida ishtirok etishdi.
Ushbu turar joy majmuasi jami 24-ta ko‘p qavatli uylardan iborat bo‘lib, barcha zamonaviy qulayliklarga ega. Bundan tashqari mahalla Samarqand, Toshkent nomi bilan ataluvchi ko‘chalar, Buxoro jome masjidi, Prezident Shavkat Mirziyoyev nomi bilan ataluvchi bulvar, O‘zbekiston Respublikasi do‘stlik bog‘i, o‘zbekona tandir o‘choqlar bilan jihozlangan mahalla oshxonasi, bolalar uchun o‘yingoh va maydonchalarni o‘z ichiga oladi.
2023-yil fevral oyida Turkiyaning bir qator hududlarida zilzila sodir bo‘lib, ko‘plab talafotlarni yuzaga keltirdi. O‘zbekiston ushbu fojiali davrda qardosh mamlakat Turkiyaga har tomonlama yordam ko‘rsata boshladi. Qisqa fursatda 100 nafar o‘zbekistonlik qutqaruvchi va 70 nafar tibbiyot xodimi falokat sodir bo‘lgan hududga yetib bordi. Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 18 kishi qutqarildi, 200 nafarga yaqin jabrlanganlar vayronalar ostidan chiqarildi. Dala shifoxonasi 4 ming nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatdi.
Turkiya zilziladan so‘ng odamlarning turmushini yaxshilash hamda zilzila oqibatlarini bartaraf etish borasida ko‘plab ishlarni amalga oshirdi. Bu borada O‘zbekiston tomonidan qisqa muddatda O‘rta yer dengizi sohilida to‘liq jihozlangan ushbu turar joy majmuasi barpo etildi.
Ochilish marosimda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov hamda Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush va Hatay viloyati hokimi Mustafa Masatli ishtirok etdi.
“O‘zbekiston islomning uchinchi eng katta madaniyatini dunyoga ko‘rsatmoqda. Shuning uchun Imom Buxoriy ziyoratgohining yangidan barpo etilishi, Toshkentda katta bir madaniy manzil —Islom sivilizatsiya markazi tashkil etilishi ilgariga ketayotgan qadamlarning jarangdor ovozini bildiradi. Turkiya «Yangi O‘zbekiston» tarixi bilan bog‘liq ulkan merosni alohida e’tirof etib, O‘zbekiston yangi Renessansga chiqqanligi bilan chin qalbimdan tabriklayman va ushbu qardosh davlatga faqat omadlar tilayman, — deydi Numan Kurtulmush ochilish marosimidagi nutqida.
Shuningdek, delegatsiya vakillari mahalla hududidagi yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, suhbatlashildi. Muloqotlar davomida hatayliklar O‘zbekiston Prezidenti va hukumatiga minnatdorlik bildirishdi.





