add

Turkmaniston kelgusi ikki yilda 80 mlrd metr kub gaz qazib olmoqchi

26.10.2025 | 21:332861

Ashxoboddagi «Turkmaniston neft va gazi–2025» xalqaro forumida mamlakat kelasi ikki yil davomida yiliga 80 mlrd metr kub gaz va 8 mln tonnadan ziyod neft qazib chiqarishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.

Turkmaniston kelgusi ikki yilda 80 mlrd metr kub gaz qazib olmoqchi

Markaziy Osiyoning eng yirik gaz ishlab chiqaruvchi mamlakati Turkmaniston 2025–2026 yillarda yiliga taxminan 80 milliard metr kub tabiiy gaz hamda 8 million tonnadan ortiq neft qazib chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ashxobodda bo‘lib o‘tgan «Turkmaniston neft va gazi–2025» xalqaro forumida e’lon qilindi.

«Bu yilgi gaz qazib chiqarish hajmi 80 milliard kub metrni tashkil etadi. Keyinki yil uchun ham xuddi shunday ko‘rsatkichni rejalashtirganmiz», — dedi davlatga qarashli «Turkmengaz» kompaniyasi rahbari Maqsat Babayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026 yilda «Qalqinish» konini o‘zlashtirishning to‘rtinchi bosqichi boshlanadi, bu esa yiliga yana 10 milliard kub metr qo‘shimcha gaz ishlab chiqarish imkonini yaratadi.

2025 yilning birinchi yarmida mamlakat gaz qazib chiqarish hajmi 3,2 foizga kamayib, 38,9 milliard kub metrni tashkil etgan. Turkmanistonning asosiy xaridori Xitoy bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, Ozarboyjon, Turkiya (Eron orqali), O‘zbekiston va Qozog‘iston ham turkman gazini sotib olmoqda.

Neft sohasida ham o‘sish rejalashtirilgan. «Bu yil 8 million tonnadan ziyod neft qazib chiqarishni kutmoqdamiz», — dedi «Turkmenneft» kompaniyasi rahbari Quvanch Agajanov. O‘tgan yili mamlakatda 8,2 million tonna neft ishlab chiqarilgan bo‘lib, uning asosiy qismi mahalliy korxonalarda qayta ishlangan.

Turkmaniston hozirda mintaqadagi energetika yetakchisi maqomini mustahkamlamoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi investitsiyalar va eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish rejalari mamlakatning energetika salohiyatini yanada oshiradi.

Teglar

Mavzuga oid