add

Turkmaniston Prezidenti protokol tartib-qoidalaridan chetga chiqib, Shavkat Mirziyoyevni shaxsan kuzatib qo‘ydi

06.08.2025 | 18:1518493

Turkmaniston rahbarining Prezident Shavkat Mirziyoyevni aeroportda shaxsan o‘zi kuzatishi ikki davlat o‘rtasidagi samimiy va qardoshlik munosabatlarini namoyon qildi.

Turkmaniston Prezidenti protokol tartib-qoidalaridan chetga chiqib, Shavkat Mirziyoyevni shaxsan kuzatib qo‘ydi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4–5 avgust kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ldi. Tashrif yakunlangach, mamlakat milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov – Arqadag‘, Turkmanistondagi an’anaviy protokol tartibidan chetga chiqib, davlat rahbarini aeroportda shaxsan kuzatdi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ta’kidlaganidek, bu holat ikki xalq o‘rtasidagi samimiy va do‘stona munosabatlarning yorqin namunasidir. Davlat rahbarining Kaspiy bo‘yidagi Avaza shahriga tashrifi BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etish maqsadida amalga oshirildi. Asadovning aytishicha, bu tashrif O‘zbekiston–Turkmaniston munosabatlarining o‘ziga xosligi va mustahkamligini yana bir bor tasdiqladi. Tashrif doirasida Prezident Mirziyoyev Turkmanistonning «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordeni bilan taqdirlandi. Matbuot kotibi bu mukofotni ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchning yuksak ifodasi sifatida baholadi. So‘nggi yillarda Prezident Mirziyoyev qator xalqaro nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Jumladan, Qozog‘istonning «Oltin qiran» va «Do‘stlik», Qirg‘izistonning «Danaker», Tojikistonning «Zarrintoj», Rossiyaning Aleksandr Nevskiy, Fransiya Faxriy legioni, Turkiyaning «Respublika» ordeni, Turkiy dunyoning oliy ordeni va boshqalar. Asadov ta’kidlaganidek, bu mukofotlar faqatgina davlat rahbarining shaxsiy faoliyatiga emas, balki uning hamkasblari va hamkor mamlakatlar yetakchilari bilan qo‘shma sa’y-harakatlariga berilgan yuksak bahodir. Turkmaniston ordeni esa O‘zbekistonning mintaqada barqarorlik va hamkorlikni ta’minlashdagi konstruktiv pozitsiyasining yorqin e’tirofidir.

Teglar

Mavzuga oid