add

«Turkmaniston temir yo‘llari» direktori Moskvada giyohvand moddalar bilan ushlandi

Bugun 19:545632

Bu ehtimol turkman amaldorining xorijda hibsga olinishi bilan bog‘liq birinchi holat bo‘lsa kerak.

«Turkmaniston temir yo‘llari» direktori Moskvada giyohvand moddalar bilan ushlandi

Moskvaning Domodedovo aeroportida Turkmanistonning «Demiryollary» («Turkman temir yo‘llari») kompaniyasi bosh direktori Xidir Rahmonov va unga hamrohlik qilgan ayol qo‘lga olindi. Bu haqda Turkmen.news o‘z manbalariga asoslanib, xabar berdi.

«Amaldor va uning «jazmani» shaxsiy buyumlari tekshirilganda taqiqlangan preparatlar topildi», - deyiladi xabarda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, amaldor va uning hamrohi 4 oktyabrga o‘tar kechasi S7 aviakompaniyasining reysida Ashxoboddan Moskvaga uchib kelishgan.

Bojxona nazorati paytida ayolning o‘zini tutishi shubha uyg‘otib, xodimlarning e’tiborini tortgan. Uning narsalari tekshirilganda LLCD - sintetik psixoaktiv modda tabletkalari aniqlangan. Ikkala yo‘lovchi ham zudlik bilan hibsga olingan.

Turkmanistonning Rossiyadagi elchisi Esen Aydogdiyevning ishni to‘xtatishga urinishlariga qaramay, Domodedovo shahar sudi sudyasi Dina Xansi Rahmonovni 3 dekabrgacha qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqargan.

Bu ehtimol turkman amaldorining xorijda hibsga olinishi bilan bog‘liq birinchi holat bo‘lsa kerak. Shu bilan birga, yuqori lavozimli davlat xizmatchilarining qamoqqa olinishi mamlakat ichida qayd etilgan. Masalan, 2003 yilda giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, o‘sha paytda respublika Bosh prokurori lavozimida ishlagan Qurbonbibi Otajonova qamoqqa olingan edi.

«Demiryollary» korxonasi 2020 yilda o‘sha paytdagi davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning qarori bilan «Turkmendemirollari» agentligi (hozirgi Temir yo‘l transporti vazirligi) negizida tashkil etilgan. Kompaniya mamlakat temir yo‘l infratuzilmasining bir qismiga egalik qiladi, yo‘lovchi va yuk tashish bilan shug‘ullanadi, ko‘priklar va boshqa inshootlar quradi. Rahmonov tashkilot tuzilganidan buyon unga rahbarlik qilib kelmoqda. Uning tug‘ishgan akasi Arkach Rahmonov Turkmaniston prezidenti qo‘riqlash xizmatining ofitseridir.

Teglar

Mavzuga oid

«Turkmaniston temir yo‘llari» direktori Moskvada giyohvand moddalar bilan ushlandi | Vaqt.uz