
Twitter asoschisi internetsiz ishlaydigan BitChat messenjerini ishga tushirdi
08.07.2025 | 10:004313
Twitter’ni tashkil etgan Jek Dorsi Bluetooth orqali shifrlangan xabar almashish imkonini beradigan va internetga ulanishni talab etmaydigan yangi messenjer — BitChat’ni taqdim etdi. Bu servis serverlarsiz va avtonom tarzda ishlaydi.

Dorsining aytishicha, u BitChat’ni dam olish kunlari yaratgan bo‘lib, uning ishlash tamoyillarini o‘zlashtirish uchun Bluetooth tarmoqlari, shifrlash usullari va ma’lumot uzatish texnologiyalarini o‘rgangan. U bu dasturni 1990-yillarda mashhur bo‘lgan IRC chatlariga o‘xshatadi.
BitChat Bluetooth Mesh texnologiyasida qurilgan bo‘lib, unda har bir qurilma mijoz hamda retranslyator vazifasini bajaradi. Ya’ni xabarlar tarmoq bo‘ylab bosqichma-bosqich boshqa qurilmalar orqali uzatiladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanmagan foydalanuvchilargacha yetib boradi.
Messenjerda akkaunt yo‘q, ro‘yxatdan o‘tish uchun na elektron pochta, na telefon raqami kerak. Xabarlar qurilmada mahalliy saqlanadi va turiga qarab shifrlanadi. Jismoniy shaxslar o‘rtasidagi xabarlar uchun yorib o‘tuvchi shifrlash, guruh chatlari va ochiq kanallar uchun esa boshqa turdagi muhofaza qo‘llaniladi.
BitChat katta xabarlarni 500 baytlik qismlarga bo‘lib, Bluetooth orqali uzatadi. Yaqin vaqtda Wi-Fi orqali fayl jo‘natish imkonini ham joriy etish rejalashtirilgan.
Hozirda BitChat’ni iOS foydalanuvchilari TestFlight orqali sinab ko‘rishlari mumkin. macOS uchun esa GitHub’dagi yo‘riqnoma asosida o‘rnatish imkoni mavjud. Foydalanuvchilar istalgan taxallusni tanlashlari, parol bilan himoyalangan shaxsiy xona yaratishlari va shaxsiy xabarlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishlari mumkin.





