
Uch haftalik xitoy kompaniyasi ikki oltin koni auksionida g‘olib chiqdi
27.08.2025 | 20:4017504
Avgust oyida ro‘yxatdan o‘tgan «Zhongcheng Mining» kompaniyasi oradan bor-yo‘g‘i uch hafta o‘tib, Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi ikki yirik oltin koni bo‘yicha auksionlarda yutib chiqdi.

Tashkil etilganiga uch hafta bo‘lgan xitoyliklarga tegishli korxona oltin koni bo‘yicha auksionda yutib chiqdi. Bu haqda Pinkod.uz nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, 26 avgust kuni E-auksion platformasida Navoiy viloyatining «Oydinbuloq» uchastkasida geologik izlanishlar olib borish huquqi savdoga qo‘yilgan.
Boshlang‘ich narxi 4,12 mlrd so‘m etib belgilangan lot uchun savdo 2 soat 28 daqiqa davom etgan va yakunda «Zhongcheng Mining» kompaniyasi 13,1 mlrd so‘mlik taklif bilan g‘olib chiqqan.
«Oydinbuloq» uchastkasi Nurota tumani, Debaland shaharchasidan 20,5 km janubi-g‘arbda joylashgan bo‘lib, maydoni 40 gektarni tashkil etadi. Geologik hisob-kitoblarga ko‘ra, bu hududda 1,3 tonna oltin va 7,1 tonna kumush zaxirasi mavjudligi taxmin qilinmoqda.
E’tiborlisi, kompaniya atigi uch hafta avval, 2025 yil 8 avgust kuni ro‘yxatdan o‘tgan. Uning ta’sischisi sifatida Shi Chunxuan (Shi Chonghuan) ko‘rsatilgan.
Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tganidan bor-yo‘g‘i sakkiz kun o‘tib, ya’ni 14 avgust kuni, «Zhongcheng Mining» Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidan 15 km uzoqlikdagi «Chettik» uchastkasi bo‘yicha auksionda ham g‘olib chiqqan.
Kompaniya 35,6 mlrd so‘mlik taklif kiritib lotni yutib olgan. Bu boshlang‘ich narx (4,1 mlrd so‘m)dan 8,6 barobar ko‘p. Uchastkaning maydoni 1314 gektarni tashkil qilib, undagi ehtimoliy oltin zaxiralari 4,57 tonna deb baholanmoqda.
«Shunday qilib, yangi tashkil etilgan korxona qisqa vaqt ichida ketma-ket ikki yirik oltin konidan foydalanish huquqini qo‘lga kiritdi», - deyiladi Pinkod.uz xabarida.





