
«Uch qahramon» bozoridagi do‘konlarning 40 foizi yonib ketgani ma’lum qilindi
12.08.2025 | 08:0038072
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.

Toshkent viloyatidagi «Uch-qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasi»da sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB xabar berdi.
Qayd etilishicha, 11 avgust kuni soat taxminan 02:20 larda Toshkent tumani «Sabzavot» MFY hududida joylashgan «Uch-qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasi» MCHJda yong‘in kelib chiqqan.
Bozorning umumiy do‘konlar qurilgan maydoni 20.000 metr kv. bo‘lib, ko‘rilgan tezkor choralar natijasida 12.000 metr kv. maydonda joylashgan savdo do‘konlari yong‘indan saqlab qolingan. Yong‘in oqibatida tan jarohati olgan yoki halok bo‘lganlar aniqlanmagan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 259-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.
«Hozirda yong‘in kelib chiqishi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda, tergov organlari yakuniy xulosasiga ko‘ra qo‘shimcha axborot beriladi», — deyiladi xabarda.





