
Uchinchi jahon urushi yoki ... : Petro Trampga yangi strategik tanlov taklif qildi
U Lotin Amerikasini kamsitish va resurslarini talon-taroj qilishga qaratilgan siyosat dunyoni vahshiylik va qurolli to‘qnashuvlar girdobiga uloqtirishini alohida urg‘uladi.

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro AQSH rahbari Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan telefon muloqotidan so‘ng Lotin Amerikasi va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning kelajagi borasida o‘z qarashlarini e’lon qildi.
Uning ta’kidlashicha, mintaqani faqat neft va ko‘mir uchun ekspluatatsiya qilish xalqaro huquq tamoyillarining buzilishiga, varvarlikka va hatto uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin. Petro Trampni mintaqaning 1400 GVtga teng toza energiya salohiyatidan foydalanishga chaqirib, bu tinchlik va demokratiya uchun asos bo‘lishini qayd etdi.
Davlat rahbarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Janubiy Amerikaning qayta tiklanuvchi energiya manbalari AQSHning yillik 840 GVtlik energiya ehtiyojini to‘liq qoplash imkoniyatiga ega. Bu qadam nafaqat iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki iqlim inqiroziga qarshi kurashda va yer yuzida hayotni asrab qolishda insoniyat tarixidagi eng katta yutuq bo‘lishi mumkin.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun Petro Qo‘shma Shtatlar ixtiyoridagi 500 milliard dollar miqdoridagi investitsiyalarni jalb qilish tashabbusini ilgari surdi.
Gustavo Petro o‘z chiqishida neft qazib olishga yo‘naltirilgan an’anaviy siyosatning xavflariga alohida to‘xtaldi. Uning fikricha, Lotin Amerikasini tabiiy resurslar uchun kamsitish va ekspluatatsiya qilish dunyodagi barqarorlikka jiddiy tahdid soladi hamda qaytarib bo‘lmas iqlim kollapsiga sabab bo‘ladi. Prezident bu yondashuvni global demokratiya va inson huquqlari tamoyillariga zid deb baholab, Vashingtonni yangicha strategik sheriklikka chaqirdi va bu reja tinchlik tamoyillariga asoslanganini aytdi.
Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ushbu muloqot Oq uyda bo‘lib o‘tadigan rasmiy uchrashuv oldidan muhim siyosiy qadam bo‘ldi. Bungacha Donald Tramp Kolumbiyaga nisbatan Venesueladagi kabi ssenariy qo‘llanilishi mumkinligi haqida sha’ma qilgan edi. Petro esa bunday ayblovlarni ilgari ham rad etib, AQSH ma’muriyatini o‘ylamasdan qaror qabul qilmaslikka va mintaqa davlatlarining suverenitetini hurmat qilishga chaqirgandi. Endi tomonlar yuzma-yuz muloqot qilishga kelishib oldilar.





