
Ukraina allaqachon Rossiyaning muzlatilgan aktivlari foizidan 10,1 mlrd yevro mablag‘ oldi
24.08.2025 | 14:0038003
Ukraina 2025 yilning birinchi yarim yilligida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushayotgan foizlar hisobidan jami 10,1 mlrd yevro mablag‘ qabul qildi.

Bu haqda Germaniyaning Welt nashri Yevropa komissiyasiga tayanib xabar berdi. Mablag‘lar har oyda turli hajmda yetib kelgan — yanvar oyida 3 mlrd yevro, martda 1 mlrd yevro, aprelda 3,1 mlrd va may, iyun hamda iyul oylarining har birida 1 mlrd yevrodan.
Shu paytgacha e’lon qilingan so‘nggi transh 22 avgust kuni amalga oshirildi. Bu mablag‘ Ukraina mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan yordam paketi (4,05 mlrd yevro)ning bir qismi bo‘ldi. Yevropa komissiyasi tushuntirishicha, mazkur yordam G7 davlatlari tomonidan berilgan qarz asosida amalga oshirilmoqda. Qarz esa Rossiya aktivlaridan olinayotgan foiz daromadlari bilan qoplanadi.
Yevropa Ittifoqi 2022 yil fevral oyidan buyon Ukrainaga umumiy qiymati 168,9 mlrd yevro bo‘lgan insonparvarlik, moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatgan. Ayni paytda Rossiya aktivlarining katta qismi — taxminan 210 mlrd yevro Belgiyada joylashgan Euroclear depozitariysida muzlatilgan holda saqlanmoqda.
Shunga qaramay, Rossiya aktivlarini to‘liq musodara qilish masalasida Yevropa ittifoqchi davlatlari orasida hanuz bir to‘xtamga kela olmagan. Germaniya kansleri Fridrix Mersning ta’kidlashicha, bunday qadam faqat qonuniy asos mavjud bo‘lsagina amalga oshirilishi mumkin.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa bunga qat’iy qarshi chiqqan va bunday harakatlarni «o‘g‘rilik» deb atab, javobsiz qolmasligini ta’kidlagan.





