add

Ukraina, AQSH va Rossiya muzokaralari qoldirildi

01.02.2026 | 19:532 daqiqa

Bugun, 1-fevral kuni Abu Dabida o‘tishi rejalashtirilgan uch tomonlama muzokaralar AQSH va Rossiya delegatsiyalarining kechagi uchrashuvidan keyin boshqa kunga qoldirildi.

Ukraina, AQSH va Rossiya muzokaralari qoldirildi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qilishicha, Ukraina, Rossiya va AQSH o‘rtasida Rossiyaning Ukrainaga qarshi uyushtirgan urushini tugatish bo‘yicha navbatdagi raund muzokaralari 4 va 5-fevralga ko‘chirildi va u Abu Dabida o‘tkaziladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvlar bugun, 1-fevral kuni bo‘lishi kerak edi, ammo sanalar o‘zgartirilgan.

«Kelasi uch tomonlama uchrashuvlar sanasi tasdiqlandi: 4 va 5-fevral Abu Dabida. Ukraina mazmunli muhokamaga tayyor», – deb yozdi Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.

Zelenskiy muzokara natijasi “bizni urushni haqiqiy va munosib tugatishga yaqinlashtiradi”, degan umidini bildirdi.

Bundan bir kun oldin, Floridada Rossiya prezidentining xorijiy davlatlar bilan investitsiya va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev AQSH delegatsiyasi bilan muzokara o‘tkazdi va Ukraina bo‘yicha kelishuv hamda AQSH bilan iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilganini bildirdi.

Donbass bo‘yicha kelishmovchiliklar

O‘tgan hafta oxirida Moskva va Kiyev vakillari Abu Dabida AQSH tomonidan taklif qilingan jangovor harakatlarini to‘xtatish rejasi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni birinchi marta o‘tkazdi. Shu vaqtda taraflar bugun, 1-fevral kuni muhokamani davom ettirishga kelishdi, ammo Zelenskiy 29-yanvar kuni uchrashuv vaqti va joyi o‘zgarishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Muzokaralar manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, taraflar bir qator punktlarga rozilik bildirishgan, ammo asosiy masalada kelisha olmagan. Rossiya Donbassdan ukrain qo‘shinlarini chiqarishni talab qilmoqda, Kiyev esa bu talabni rad etmoqda.

Donbass Ukraina hududiga kiradi, ammo qisman Rossiya qo‘shinlari nazoratida.

Teglar

Mavzuga oid