
Ukraina dron hujumlari bilan Rossiyani muzokaraga majbur qiladi — Forbes
22.09.2025 | 09:0023604
Forbes tahlilchisi Vikram Mittalning ta’kidlashicha, Ukraina Rossiya neft qayta ishlash zavodlariga yo‘llayotgan dron zarbalari orqali o‘z qo‘lida kuchli «qartalar» to‘plab bormoqda.

Mutaxassis eslatishicha, yil boshida tinchlik muzokaralari to‘xtab qolganida prezident Donald Tramp kabi ba’zi siyosatchilar Kiyevning qo‘lida kuchli imkoniyatlar yo‘qligini aytishgan edi. Biroq avgust oyidagi yirik dron hujumlari Rossiyadagi neftni qayta ishlash quvvatlarining 17 foizini ishdan chiqarib, mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarba berdi. Sentyabrda ham hujumlar davom etdi.
Natijada, Rossiyada benzin tanqisligi yuzaga keldi va narxlar ko‘tarildi. Shu bilan birga, eksport ham qiyinlashdi: xalqaro xaridorlar yanada barqaror yetkazib beruvchilarga murojaat qila boshladi. Forbes qayd etganidek, bu holat Rossiya iqtisodiyotini yanada zaiflashtirmoqda.
Rossiya hukumati hujumlarga qarshi kurashish va zavodlarni tiklash uchun katta mablag‘ yo‘naltirayapti. Bu mablag‘lar aslida frontdagi operatsiyalar uchun ishlatilishi mumkin edi. Shu tariqa, dron zarbalari nafaqat iqtisodiy, balki harbiy imkoniyatlarni ham cheklayapti.
Forbes alohida ta’kidlagan «Lyutiy» dronlari Ukrainada ishlab chiqariladi va ulardan Rossiya hududining ichkari qismida ham to‘siqsiz foydalanish mumkin. Ularning parvoz masofasi 2000 kmdan oshadi, sun’iy intellekt chiplari bilan jihozlangan va aniq zarbalarni ta’minlaydi.
Mittalning fikricha, ukrain muhandislari dron texnologiyalarida ruslarga nisbatan oldinda turibdi. Agar bu ustunlik saqlanib qolsa, Kiyev Rossiya ichkarisida harbiy va iqtisodiy ob’ektlarni samarali ravishda yo‘q qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Forbesʼning xulosa qilishicha, Ukraina bu borada hozircha Rossiyaga nisbatan strategik ustunlikka ega. Davom etgan zarbalar Moskvadagi ichki norozilik va xalqaro bosimni kuchaytirar ekan, Kreml axir-oqibat tinchlik muzokaralariga qaytishga majbur bo‘ladi.





