add

Ukraina dronlari «Do‘stlik» neft quvuri nasos stansiyasini portlatdi

25.08.2025 | 09:004364

Ukraina qurolli kuchlari dronlari Rossiyaning Bryansk oblastidagi «Unecha» nasos stansiyasiga zarba berdi. Oqibatda Rossiya neftini eksport qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan «Do‘stlik» quvuriga neft haydash to‘xtatildi.

Ukraina dronlari «Do‘stlik» neft quvuri nasos stansiyasini portlatdi
24 avgust kuni e’lon qilingan sun’iy yo‘ldosh suratlarida «Unecha» stansiyasidagi asosiy nasos bloki, bir nechta texnik inshootlar va muhandislik uskunalari butunlay yonib ketgani aks etgan. Mazkur stansiya Rossiya neftini Ust-Luga porti orqali eksport qilish, shuningdek, Slovakiya va Vengriyaga yetkazib berishda hal qiluvchi nuqta hisoblanadi. Hujumni Ukraina Qo‘shinlarining dron tizimlari bo‘limi komandiri Robert Brovdi (laqabi «Madyar») 21 avgust kuni tasdiqlagan. Uning ta’kidlashicha, bu harakat «Do‘stlik» quvuri infratuzilmasiga yana bir zarba bo‘ldi. «Do‘stlik» neft haydash quvuri Rossiyadan Yevropaga neft yetkazib berishning strategik liniyalaridan biri sanaladi. U orqali Slovakiya, Vengriya va Chexiya neft bilan ta’minlanadi. «Unecha» esa mazkur quvurning eng muhim logistik nuqtalaridan biri bo‘lib, undagi uzilish butun yo‘nalishdagi transport oqimini muvaqqatan to‘xtatadi. Hozircha Rossiya rasmiylari tomonidan hodisaga rasmiy munosabat bildirilgani yo‘q. Ammo bunday hujumlar Rossiya eksport infratuzilmasi uchun jiddiy xavfli hisoblanadi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat mustaqillmgi kuniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida jurnalistlarning «Do‘stlik» neft haydash quvuriga Ukrain dronlari tomonidan qilingan hujum haqidagi savolga hazil bilan javob berdi. «Biz har doim Ukraina va Vengriya o‘rtasidagi do‘stlikni qo‘llab-quvvatlab kelganmiz, endi esa bu «Do‘stlik»ning o‘zi Vengriyaga bog‘liq», — degan Zelenskiy. U bu so‘zlarni Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning Ukraina Yevroittifoqqa qo‘shilishi yuzasidan veto qo‘ygani haqida gapira turib aytgan.

Teglar

Mavzuga oid

Ukraina dronlari «Do‘stlik» neft quvuri nasos stansiyasini portlatdi | Vaqt.uz