
Ukraina iqtisodiyoti 20 yilda Rossiyadan o‘zib ketishi mumkin — AQSH moliya vaziri
12.06.2025 | 09:004573
AQSH moliya vaziri Skott Bessent Ukraina iqtisodiyoti kelgusi 20 yilda Rossiya iqtisodiyotidan o‘sib ketishi mumkinligini ta’kidladi. Bu bir necha omillar va xalqaro hamkorlikka bog‘liq, deydi u.

AQSH moliya vaziri Skott Bessentning bayonotiga ko‘ra, Ukraina iqtisodiyoti 20 yil ichida Rossiya iqtisodiyotidan ustun bo‘lishi mumkin. Bu haqda u AQSH Kongressidagi eshituvlar paytida ma’lum qilgan.
Uning ta’kidlashicha, har qanday mamlakatda iqtisodiy barqarorlik milliy xavfsizlikning asosidir. Prezident Donald Tramp ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular Ukraina iqtisodiyotining uzoq muddatli barqarorligi Rossiyaning kelajakdagi hujumlariga qarshi eng samarali chora bo‘ladi, deb hisoblaydi.
Bessent o‘z nutqida Polsha va Ukraina misolini keltirdi. Berlin devori qulaganida ikki davlatning iqtisodiyoti deyarli teng bo‘lgan. Ammo bugunga kelib Polsha iqtisodi Ukrainadan uch barobar katta. Unga ko‘ra, to‘g‘ri boshqaruv, AQSH bilan hamkorlik va xalqaro sarmoyalar Ukraina iqtisodiyotini Rossiyadan katta qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, vazir Italiya poytaxti Rimda Ukraina tiklanishiga bag‘ishlangan yirik anjuman bo‘lib o‘tadigani va bu masalada Jahon banki faol ishtirok etishi kerakligini bildirdi.
Bessent qo‘shimcha qildi: Rossiya harbiy harakatlariga pul, texnika yoki jo‘natmalar bilan yordam bergan birorta mamlakat Ukraina tiklanish jarayonida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lmaydi. Uning ta’kidlashicha, «bir mamlakatni vayron qilib, keyin uni tiklashdan pul ishlab bo‘lmaydi».





