add

Ukraina NATO sammitida qatnashishga taklif oldi

03.06.2025 | 12:0019113

Ukraina 24–25 iyun kunlari Haagada o‘tadigan NATO sammitida ishtirok etishga rasman taklif qilindi. Kiyev buni muhim siyosiy qadam deb baholar ekan, Moskva Ukraina NATOga qo‘shilishdan voz kechishi kerakligini ta’kidlamoqda.

Ukraina NATO sammitida qatnashishga taklif oldi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat NATO sammitida ishtirok etishga taklif etilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, sammit 24–25 iyun kunlari Niderlandiyaning Haaga shahrida bo‘lib o‘tadi. Zelenskiy Tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga sammit natijalari va uning formati yuzasidan NATOdagi hamkasblari bilan muzokaralar o‘tkazishini bildirgan. 2 iyun kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar mojaroni bartaraf etish bo‘yicha memorandum loyihalari bilan almashdi. Ukraina hujjatida mamlakatning betaraf maqomda qolish majburiyati yo‘qligi va Yevropa Ittifoqi hamda NATOga qo‘shilishga intilish qonuniy ekani ta’kidlangan. Rossiya esa, aksincha, Ukraina harbiy ittifoqlarga, jumladan NATOga qo‘shilishdan voz kechishi kerakligini bildirgan. RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov NATO avval neytral bo‘lgan Finlyandiya va Shvetsiyani ham a’zo qilganini, shuningdek, Rossiya chegarasi yaqinida doimiy ravishda harbiy mashqlar o‘tkazilayotganini tanqid ostiga oldi. Moskva G‘arb davlatlarining Arktika mintaqasini militarizatsiya qilishga urinayotganini ham qayd etgan. AQSH prezidentining maxsus vakili Kit Kellog esa Rossiyaning NATO kengayishi borasidagi xavotirini asosli deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina NATOga qo‘shilishi hozircha muhokama qilinmayotgan masala hisoblanadi va bu pozitsiyani alyansning yana bir necha a’zosi qo‘llab-quvvatlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid