Ukraina TIV: Kiyev va Moskva AQSH bilan alohida kelishuvlar imzolaydi

28.01.2026 | 19:203 daqiqa

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiganing aytishicha, Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralar natijasida ikki alohida kelishuv imzolanishi kerak – biri AQSH va Ukraina o‘rtasida, ikkinchisi esa AQSH va Rossiya o‘rtasida.

Ukraina TIV: Kiyev va Moskva AQSH bilan alohida kelishuvlar imzolaydi

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga aytishicha, hozirgi bosqichda Ukraina va Rossiya o‘rtasida urushni yakunlash bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishuv imzolash masalasi muhokama qilinmayapti. Bu haqda Sibiga 27-yanvar kuni “Yevropeyskaya pravda”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Agar aynan shu 20 banddan iborat ramka (Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha kelishuv) haqida gapiradigan bo‘lsak, bu hozircha AQSH va Ukraina imzolaydigan ikki tomonlama hujjat. Rossiya bilan esa kelishuvni AQSH imzolashi kerak. Hozircha aynan shu konstruksiya muhokama qilinmoqda, ammo muzokaralar hali davom etyapti, bu – jarayon», — dedi Sibiga.

Uning aniqlik kiritishicha, Kiyevning yevropalik hamkorlari, garchi kelishuvlarda ularning imzosi ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da, «tinchlik jarayoni va xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuvlarda ishtirok etmoqda». Sibiganing qo‘shimcha qilishicha, «aynan «xavfsizlik kafolatlari» atamasi haqida ilk bor gap ketyapti, “ishonch bildirish” yoki shunga o‘xshash iboralar emas». Shu bilan birga, vazir muzokaralar qanday yakunlanishidan qat’i nazar, Ukraina hududida amerikalik tinchlikparvarlar bo‘lmasligini tasdiqladi.

Ukraina TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda hali ham ikki «sezgir masala» – hududiy masala va Zaporoje AES maqomi ochiq qolmoqda. Bu masalalarni hal etish uchun Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan shaxsan uchrashishga tayyor.

AQSH xavfsizlik kafolatlarini Kiyevning Donbassdan chiqishi bilan bog‘lamoqda

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukrainaga Vashington tomonidan beriladigan xavfsizlik kafolatlari Kiyevning Rossiyaga Donbassni topshirishni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan tinchlik kelishuviga rozi bo‘lishiga bog‘liq ekanini bildirgan. «Financial Times» gazetasi manbalarining aniqlashicha, agar Ukraina bu shartni bajarsa, AQSH Kiyevga tinchlik davrida qo‘shimcha qurol-yarog‘ yetkazib berishni ham va’da qilgan.

Shu bilan birga, Oq uy matbuot kotibining o‘rinbosari Anna Kelli maqolada keltirilgan da’volarni rad etib, «Financial Times»ni «Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan tarixiy uch tomonlama uchrashuvdan keyin a’lo bosqichda turgan tinchlik jarayonini izdan chiqarish uchun yovuz niyat bilan va anonim tarzda yolg‘on tarqatishga yo‘l qo‘yish»da aybladi.

Zelenskiy ma’muriyati bu vaziyatga izoh berishdan tiyildi. Kiyevdagi yuqori lavozimli mansabdor esa AQSH «xavfsizlik kafolatlaridan Ukrainani muayyan yon berishlarga undash uchun foydalanmoqda», deb hisoblashini aytdi. Ularning fikricha, bu «Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qilishi» mumkin. Ayni paytda, bir qator ukrainalik amaldorlar va harbiy tahlilchilar, agar Rossiya Donbassni qo‘lga kiritsa, bu Rossiya kuchlariga Ukraina ichkarisiga yurish uchun platsdarm berishi mumkinligini ta’kidladi.

Kiyev: Tramp 15-maygacha tinchlik kelishuviga erishishni istamoqda

Oliy Rada deputati, “Yevropeyskaya solidarnost” partiyasi a’zosi Aleksey Goncharenkoning o‘z manbalariga tayanib xabar qilishicha, Tramp ma’muriyati Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi joriy yilning 15-mayigacha tuzilishini kutmoqda. Uning aytishicha, AQSHda may oyi Kiyev va Moskva o‘rtasidagi kelishuv uchun norasmiy dedlayn deb qaralmoqda, shundan so‘ng Amerika tomoni muzokaralar jarayonidan chiqib ketishi mumkin.

O‘tgan dam olish kunlari BAA poytaxti Abu-Dabida Rossiya, Ukraina va AQSH vakillari o‘rtasida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini yakunlash masalasi bo‘yicha ilk uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Keyinchalik Ukraina prezidenti bu muzokaralarga ijobiy baho berib, delegatsiyalar 1-fevral kuni yana uchrashishini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid