
Ukraina urushining yakunlanishi bo‘yicha «Gurjiston» ssenariysi eng ehtimolli deb baholandi
26.05.2025 | 08:3012134

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro yakunlanish arafasida turibdi. JPMorganChase tahlilchilari 2025 yil ikkinchi choragida otashkesimga erishish mumkin, deb hisoblashmoqda. Ular to‘rtta ehtimoliy ssenariyni ko‘rib chiqib, Ukraina uchun eng real yo‘nalish sifatida «Gurjiston» tajribasini tanlashgan.
JPMorganChase investitsiya banki o‘z mijozlariga geosiyosiy xavflarni baholashda yordam berish maqsadida Geosiyosat markazini tashkil etdi. Ushbu markazning ilk hisoboti Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning kelajagiga bag‘ishlangan. Hisobotda urush «endshpil bosqichiga» kirgani ta’kidlanib, otashkesim 2025 yilning ikkinchi choragida amalga oshishi mumkinligi aytilgan.
Mutaxassislar tomonidan to‘rtta ssenariy tahlil qilingan bo‘lib, ularda urushdan keyin Ukraina qanday geosiyosiy yo‘l tutishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Ularning har biri tarixiy analogiyalar asosida asoslangan va AQSH hamda Yevropa tomonidan taqdim etilishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik kafolatlari bilan bog‘langan.
Ssenariylar orasida «Janubiy Koreya» va «Belarus» yo‘nalishlari eng kam ehtimolga ega deb baholangan — har biri 15 foiz. Birinchisi Ukrainaga Yevropa harbiylari joylashtirilishi va AQSHdan muntazam yordam olinishini nazarda tutadi. Ikkinchisi esa G‘arb tomonidan xavfsizlik kafolatlari berilmasligini va Rossiyaning ta’siri kuchayishini bildiruvchi ssenariy sifatida berilgan.
«Isroil» ssenariysida (20 foiz) Ukraina harbiylashgan holda qoladi, G‘arb bilan xavfsizlik hamkorligi bo‘ladi, ammo u yerda G‘arb harbiylari bo‘lmaydi. Ushbu ssenariyda Ukraina doimiy tahdidlar ostida yashashi ehtimoli mavjud.
Eng ehtimoliy deb baholangan ssenariy esa — «Gurjiston» (50 foiz). Unga ko‘ra, Ukraina urushdan keyin yetarlicha xavfsizlik kafolatlarini olmaydi. Shu sababli siyosiy jihatdan beqaror holatda qoladi va vaqt o‘tishi bilan Rossiya ta’siriga tushib qoladi.





