
Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi ikkinchi asirlar almashinuvi amalga oshirildi
11.06.2025 | 09:2029223
Ukraina va Rossiya 2 iyun kuni Istanbulda o‘tkazilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar natijasida kelishilgan ikkinchi asirlar almashinuvini amalga oshirishdi. Ushbu jarayon doirasida og‘ir yaralangan va kasal ukrain harbiylari vatanga qaytarildi.

Prezident Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, almashinuv 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan harbiylar o‘rtasida bo‘lib, birinchi navbatda og‘ir jarohatlangan va kasal holdagi ukrain asirlar qaytarildi. Aniq raqamlar e’lon qilinmadi.
Qaytarilganlar orasida 3 yildan ziyod vaqt avval Mariupol uchun kechgan janglar davomida asirga tushgan askarlar ham bor. Ukraina harbiy asirlar bo‘yicha koordinatsion shtabi ularning ko‘pchiligi og‘ir jarohatlangani, tana a’zolarini yo‘qotgani yoki ko‘rish qobiliyati bilan bog‘liq muammolari borligini ma’lum qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ham o‘z askarlarining ikkinchi guruhi qaytarilganini tasdiqladi. Ular Belarus hududiga yetkazilib, u yerda tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda. Qaytarilganlar soni oshkor etilmadi. Kelgusida ular Rossiya hududiga yuborilib, to‘liq reabilitatsiyadan o‘tishlari rejalashtirilgan.
Shuningdek, ikki tomon qurbon bo‘lgan harbiylarning jasadlarini almashishga kelishgani, biroq bu jarayonning aniq vaqti oshkor qilinmagani ma’lum qilindi.
Istanbulda o‘tkazilgan so‘nggi ikki muzokara davrasida Ukraina va Rossiya delegatsiyalari hech qanday katta kelishuvlarga erisha olmadi. Biroq asirlarni almashish va halok bo‘lganlarni qaytarish bo‘yicha umumiy kelishuv amalga oshirildi.





