
Ukrainada asir tushgan shimoliy koreyaliklar Seuldan panoh so‘radi
Rossiya safida Ukrainaga qarshi jang qilgan ikki shimoliy koreyalik askar asirga tushgach, ularni Janubiy Koreyaga topshirishni iltimos qilgan. Ular o‘z vataniga qaytishdan qo‘rqmoqda.

Germaniyaning Deutsche Welle nashri yozishicha, Ukrainada asirga tushgan ikki shimoliy koreyalik jangchi ukrain harbiylaridan ularni Seul hukumatiga topshirishni so‘ragan. Ular bu iltimosni hujjatli film uchun berilayotgan suhbat paytida bildirgan. Suhbat Janubiy Koreyaning «Gyeore-eol Nation United» inson huquqlari tashkiloti ishtirokida o‘tkazilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, asirlardan biri shu yilning fevral oyida Janubiy Koreya Milliy Assambleyasi vakili Yu Yon-vyon orqali ham shunday iltimos bilan chiqqan. Deputat o‘z sahifasida askar bilan suhbat lavhalarini e’lon qilgan edi.
Janubiy Koreya razvedka xizmati ma’lum qilishicha, Shimoliy Koreya harbiylariga asirga tushmaslik uchun o‘z jonlariga qasd qilish buyrug‘i beriladi. jarohat olganlar esa granata bilan o‘zini portlatishga majbur qilinadi. Sentyabr oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainadagi janglarda 2 mingga yaqin shimoliy koreyalik askar halok bo‘lgan.
Ukraina va G‘arb razvedka xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil davomida Pxenyan Rossiyaga 10 mingga yaqin askar yuborgan. Shuningdek, u Rossiyani qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlab kelmoqda. Ukraina harbiy razvedkasi rahbari Kirill Budanovning aytishicha, rus armiyasi ishlatadigan o‘q-dorilarning taxminan 40 foizi Shimoliy Koreyadan keladi. Evaziga esa Shimoliy Koreya Rossiyadan sun’iy yo‘ldoshlar uchirish bo‘yicha texnik yordam va maslahatlar olmoqda, deb hisoblaydi Janubiy Koreya va G‘arb razvedkalari.
Bu ma’lumotlar Pxenyanning Moskva bilan harbiy hamkorligi tobora chuqurlashib borayotganini ko‘rsatadi. Ekspertlar fikricha, bu harakatlar Shimoliy Koreyani xalqaro izolyatsiyani yanada kuchaytiradi.





