add

Ukrainada misli ko‘rilmagan korrupsiya mojarosi yuz berdi. Uning markazida Zelenskiyning yaqin do‘sti turibdi

Bugun 23:5452313

Korrupsion sxema tepasida Zelenskiyning yaqin do‘sti sifatida tanilgan tadbirkor Timur Mindich turgani aytilmoqda. Qolaversa, hukumatning bir necha sobiq va amaldagi a’zolari ham jalb etilgan. Bu Zelenskiyga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Ukrainada misli ko‘rilmagan korrupsiya mojarosi yuz berdi. Uning markazida Zelenskiyning yaqin do‘sti turibdi

Ukraina hukumatining bir necha sobiq va amaldagi a’zolari, shuningdek, prezident Voladimir Zelenskiyning yaqin do‘sti sifatida tanilgan tadbirkor Timur Mindich Ukraina energetika sohasidagi keng ko‘lamli korrupsiya sxemasiga aralashgani aytilmoqda. Bu haqda BBC mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurash organlariga tayanib, xabar berdi.

Kundan-kunga avj olib borayotgan bu mojaro nafaqat Ukraina siyosati, balki butun jamiyat uchun eng kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu hafta Ukraina korrupsiyaga qarshi kurash organlari mamlakat energetika sohasida faoliyat yuritgan «yuqori darajadagi jinoiy tashkilot»ni fosh etgani haqida ma’lum qildi. Huquq-tartibot idoralari vakillarining aytishicha, jinoyatchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan noqonuniy foyda miqdori o‘nlab million dollarni tashkil etgan.

Milliy korrupsiyaga qarshi kurash byurosi (MKQK)ning ta’kidlashicha, tergov harakatlari davomida turli vaziyatlarda Ukraina hukumatining to‘rt nafar a’zosi ushlangan.

Eng qiziq jihati shundaki, MKQK fosh etilgan jinoiy tashkilotning rahbari sifatida prezident Volodimir Zelenskiy bilan yaqin aloqalari bilan tanilgan tadbirkor Timur Mindichni ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, jinoiy sxemaning quyi bo‘g‘in ishtirokchilaridan biriga nisbatan ehtiyot chorasini ko‘rib chiqish chog‘ida prokuror Mindichning noqonuniy faoliyat olib borgan yana bir sohasi Ukraina mudofaasi ekanini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan u Mindichning sobiq mudofaa vaziri, hozirda Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerovga ko‘rsatgan ta’siri haqida gapirdi.

«Midas» operatsiyasi va «Shlagbaum» sxemasi

10-noyabr kuni MKQK fosh etgan sxema Ukrainaning barcha atom elektr stansiyalari operatori bo‘lgan «Energoatom» kompaniyasi faoliyatiga taalluqli edi. Uning 100 foiz aksiyalari davlatga tegishli.

Ushbu korxonaning Ukraina uchun ahamiyatini baholash qiyin: atom energetikasi hozirda mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining yarmidan ko‘pini (yilning sovuq mavsumida esa 70 foizgacha) ta’minlaydi. «Energoatom»ning yillik daromadi 200 milliard grivnadan (4,76 milliard dollar) ortiq.

11-noyabr kuni kechqurun Oliy korrupsiyaga qarshi kurash sudi majlisida prokuror joriy yil boshida Timur Mindich «urush davrida Ukrainada yuzaga kelgan vaziyatdan, Ukraina prezidenti bilan do‘stona munosabatlardan, davlat hokimiyati va huquqni muhofaza qilish organlarining hozirgi va sobiq amaldorlari bilan aloqalardan foydalanib... o‘z ehtiyojlarini qondirish maqsadida noqonuniy boyishga qaror qilgani»ni ma’lum qildi.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, shu maqsadda u va uning tanishi Aleksandr Sukerman «Energoatom» tomonidan amalga oshirilgan xaridlarning katta qismidan «qaytarma» olish imkonini beruvchi tizimni yaratgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga ishonadigan bo‘lsak, bu sxema shunday ishlagan.

«Energoatom» kontragenti Ukraina AESlarida biror ishni bajargan yoki ularning ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib bergan. Shundan so‘ng u «Energoatom»dan ushbu tovarlar yoki xizmatlar uchun to‘lovni olishi kerak edi. Biroq, amalda pullar jinoyatchilar ushbu kontragentdan shartnoma summasining 10-15 foiz miqdorida «qaytarma» olgandan keyingina to‘langan. MKQK aniqlik kiritishicha, ba’zida to‘lovni ushbu jinoiy tashkilot a’zolari nazorat qiladigan kompaniya hisob raqamlariga, ba’zida esa «Energoatom» uchun bajarilgan ishlar evaziga pul kutayotgan boshqa kompaniyalar hisob raqamlariga o‘tkazish kerak bo‘lgan.

 

Kontragentlarda «qaytarma»dan voz kechish imkoniyati deyarli yo‘q edi - bunday holda ular «Energoatom»dan bajarilgan ishlar yoki ko‘rsatilgan xizmatlar uchun pul ololmasdi. Gap shundaki, yaqin vaqtgacha «Energoatom» urush davrida qarzdorlikni undirish taqiqlangan korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.

«Sen sudga murojaat qilishing mumkin, sud moratoriy bor, deydi. Biror ish qildingmi, yo‘qmi, baribir «Energoatom»dan pulni qaytarib ololmaysan. Ular [jinoyatchilar] bu vaziyatdan tovar yetkazib beruvchilarga bosim o‘tkazish uchun foydalanishgan. Ba’zi [ta’minotchilar shu sababli] bozordan chiqib ketishdi, ishlashni to‘xtatishdi», - deya tushuntirdi MKQK detektivlar bo‘linmasi rahbari Aleksandr Abakumov «Ukrainskaya pravda» YouTube kanali efirida.

Bu sxemaning barchasi «Shlagbaum» deb nomlandi. «Amalda strategik korxonani boshqarish... rasmiy amaldorlar tomonidan emas, balki hech qanday rasmiy vakolatga ega bo‘lmagan, ammo «nazoratchi» rolini o‘z zimmasiga olgan begona shaxslar tomonidan amalga oshirilgan», - deyiladi MKQKning shu haqdagi matbuot bayonotida.

Huquq-tartibot idoralari xodimlarining ta’kidlashicha, shu yo‘l bilan olingan mablag‘larni legallashtirish - ularni norezident kompaniyalar tarmog‘i orqali hisobga olish va yuvish bilan Kiyev markazidagi Vladimirskaya ko‘chasida joylashgan jinoiy tashkilotning alohida ofisi shug‘ullangan.

E’tiborli tafsilot: bu bino Ukraina xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari, Ukraina parlamentining sobiq deputati Leonid Derkachning o‘g‘li Andrey Derkach oilasiga tegishli bo‘lib, uning qiziqishlari doirasiga an’anaviy ravishda Ukraina atom energetikasi kirgan. Keng ko‘lamli bosqindan so‘ng, u Rossiya hududiga qochib ketdi. 2023 yilda Derkach davlatga xoinlikda ayblangan, Vladimir Zelenskiy esa o‘z farmoni bilan Derkachni Ukraina fuqaroligidan mahrum qilgan edi. O‘tgan yili Derkach Rossiyada senator, Astraxan viloyati vakili bo‘ldi.

MKQKning ta’kidlashicha, shu tariqa yuvilgan mablag‘lar Ukrainadan tashqarida, jumladan, Rossiya hududida naqd pulga aylantirilgan.

«Jinoiy uyushma a’zosi bo‘lmagan shaxslarga xizmat ko‘rsatish uchun ofis o‘tkazilgan summadan foiz ko‘rinishida to‘lov olgan. Jami «pul yuvish xonasi» orqali taxminan 100 million AQSH dollari o‘tgan», - deyiladi idora xabarida.

«Karlson», «Reshik», «Sukerman» va «Che Gevara»

MKQK ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh faoliyatini tergov qilish — «Midas» operatsiyasi 15 oy davom etgan, natijada detektivlar ushbu ish ishtirokchilarining suhbatlarini minglab soat davomida tinglash imkoniga ega bo‘lgan.

Ushbu yozuvlarning parchalari 10-noyabr, dushanba kuni MKQK tomonidan ochiq e’lon qilina boshlandi. Shu kuni 70 ga yaqin tintuv o‘tkazilgani, jumladan, «Energoatom» ofisida va sobiq energetika vaziri, hozirgi adliya vaziri German Galushchenkoning uyida tintuv o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi. Yozuvlarni e’lon qilish 11-noyabr kuni davom etdi va bundan keyin ham davom etishi kutilmoqda.

MKQK tomonidan e’lon qilingan yozuvlarda odamlar, ehtimol, maxfiylik maqsadida bir-birlarini taxalluslar bilan ataydilar, ba’zan haqiqiy ismlardan foydalanadilar va jinoiy faoliyatning turli jihatlarini muhokama qiladilar.

Parchalardan birida «Shlagbaum» sxemasi doirasida kontragentlardan mablag‘ yig‘ish uchun mas’ul bo‘lgan «Roket» (MKQK versiyasiga ko‘ra - Energetika vazirining sobiq maslahatchisi Igor Mironyuk) va «Tenor» («Energoatom»ning xavfsizlik bo‘yicha direktori Dmitriy Basov) tushunmovchi pudratchilarga bosim o‘tkazish usullarini muhokama qilmoqda. Aytishlaricha, agar korxona «otkat» to‘lamasa, uni «Energoatom»ning kontragenti maqomidan mahrum qilish kerak - shunda uning barcha xodimlari «armiyaga olinadi».

 

Boshqa yozuvda ular Energetika vazirligi va «Energoatom» rahbarlarining ehtimoliy o‘zgarishi tufayli «otkat» miqdorini oshirishni muhokama qilmoqdalar.

Uchinchisida — Ukrainaning sobiq bosh vazir o‘rinbosari Aleksey Chernishov («Che Gevara») Sukerman («Shugarmen») bilan o‘ziga tegishli naqd pulni qanday qilib yashirin ofisdan olishi mumkinligini muhokama qilmoqda.

To‘rtinchi lavhada «Reshik» laqabli yashirin ofisning buxgalteri ko‘chada 1,6 million dollar naqd pul solingan qutini ko‘tarib yurish «unchalik yoqimli emasligidan» shikoyat qiladi.

MKQK detektivi Aleksandr Abakumov «Ukraina haqiqati» efirida «ushbu jinoiy ishni tergov qilish chog‘ida turli vaziyatlarda to‘rt vazirni qayd etganmiz», - deydi.

11-noyabr kuni kechqurun MKQK sobiq bosh vazir o‘rinbosari Chernishevga noqonuniy boylik orttirishda gumon qilinayotganini ma’lum qildi: detektivlar unga va uning ishonchli vakiliga (quloq solish yozuvlariga ko‘ra - xotiniga) 1,2 million AQSH dollari va deyarli 100 ming yevro o‘tkazilganini hujjatlashtirgan. Chernishov allaqachon NABU tomonidan ochilgan yana bir ishning ishtirokchisi hisoblanadi - bu qurilish sohasidagi korrupsiyaga aloqador. OAV Chernishovni prezident Vladimir Zelenskiyning yaqin do‘sti deb ta’riflaydi.

Ammo, ehtimol, «Midas» operatsiyasi doirasidagi tergovning eng shov-shuvli tafsiloti jinoiy tashkilot rahbari, «taniqli tadbirkor»ning shaxsiyati bo‘lishi mumkin: yashirin ma’lumotlarda u «Karlson» sifatida tilga olingan.

Aynan u jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan mablag‘lar yuviladigan «kir yuvish xonasi» ishini nazorat qilgan. «Karlson» Kiyevdagi Grushevskiy ko‘chasidagi uyning yuqori qavatlaridagi kvartiradan kimga va qancha naqd pul berish yoki o‘tkazishni belgilagan, shuningdek, o‘z manfaatlari - xususan, energetika va mudofaa sohalaridagi masalalarni hal qilish uchun markaziy hokimiyat organlari mansabdor shaxslariga ta’sir ko‘rsatishni muvofiqlashtirgan», - deyiladi MKQKning 11-noyabrdagi bayonotida.

Seshanba kuni kechqurun Ixtisoslashtirilgan aksilkorrupsiya prokuraturasi prokurorlari Ukraina matbuoti ushbu mojaro boshlanganidan beri yozgan narsani tasdiqladi: «Karlson» taxallusi ortida 46 yoshli Timur Mindich yashiringan, uni Voladimir Zelenskiyning biznes sherigi va do‘sti deb atashadi. Va bu holat «Shlagbaum» ishiga mutlaqo yangicha tus beradi.

«Hammasi hashamatli bo‘lishi kerak»: Timur Mindich kim o‘zi?

Yaqindagina Dneprda unchalik taniqli bo‘lmagan tadbirkor hisoblangan Timur Mindich so‘nggi bir-ikki yil ichida mamlakatdagi eng nufuzli shaxslardan biriga aylandi.

Hatto, Ukrainaning sobiq bosh vaziri Denis Shmigal hukumatining ma’lum bir davrida ba’zilar bu vazirlar mahkamasini «Kabmindich» deb atashgacha bordi — go‘yoki bu soyada turgan shaxsning hukumat tarkibiga ta’siri shunchalik kuchli edi.

Mindichning bolaligi va yoshligi haqida juda oz ma’lumot bor: u 1979 yilda Dnepropetrovskda keyinchalik tadbirkorlikka o‘tgan Mixail va Stella Mindichlar oilasida tug‘ilgan.

Mindich hozirda vafot etgan, moda sohasidagi rossiyalik tadbirkor, o‘tmishda Moskva Markaziy univermagi feyshn-direktori bo‘lgan Alla Verberning kuyovidir. Verber kuyovini odamlarni, bayramlarni, tantanalarni va «hammasi hashamatli bo‘lishi»ni yaxshi ko‘radigan inson sifatida ta’riflagan.

 

Timur Mindich va Alla Verberning qizi Yekaterina 2010 yilda Isroilda, Yig‘i devori yaqinida to‘y qilishdi. Ular bayramga 500 nafar mehmon taklif qilishdi, tantanalar esa to‘rt kun davom etdi.

Ilgari Mindich oligarx Igor Kolomoyskiyning qizi Anjelika bilan munosabatda bo‘lgan. «Mindich bir paytlar qizimning nomzodi edi, ammo unashtirilmadi. Ular ajralishdi», - deb aytgan edi Kolomoyskiy 2019 yilda «Ukraina haqiqati» nashriga.

Kolomoyskiy shuhrati so‘ngan paytda, Pyotr Poroshenko prezidentligining oxirida, jurnalistlar aniqlaganidek, Mindich uning oldiga Isroil va Shveysariyaga bir necha bor borgan.

O‘sha «Ukraina haqiqati»ga bergan intervyusida Kolomoyskiy Mindichni «developerlik kabi unchalik muhim bo‘lmagan loyihalardagi biznes sherigi» deb atagan va aynan Mindich uni bir paytlar Voladimir Zelenskiy bilan tanishtirganini ta’kidlagan.

Mindichning asosiy boyligi

Voladimir Zelenskiy bilan uzoq yillik va yaqin munosabatlar, ehtimol, Timur Mindichning asosiy boyligidir. U «Kvartal 95» studiyasining hammuassisi va Zelenskiy prezident bo‘lishidan ancha oldin uning tijorat direktori bo‘lgan.

Mindichning Zelenskiyga yaqinligini isbotlash uchun jurnalistlar ko‘pincha ko‘zga tashlanadigan mayda-chuydalarga e’tibor qaratishadi. Masalan, 2019-yilgi prezidentlik saylovlari kampaniyasi paytida hozirgi prezident giyohvandlikda ayblanib, taqiqlangan moddalarga test topshirish uchun klinikaga kelganida, u Mindich nomiga ro‘yxatdan o‘tgan Mercyedes mashinasida kelgan. 2021 yil yanvarida esa Zelenskiy aynan Mindichning kvartirasida tug‘ilgan kunini nishonladi: keng ko‘lamli bosqindan oldin ular Kiyevdagi Grushevskiy ko‘chasidagi bir xil uyda yashagan.

Mindichning yana bir eski tanishi — bugungi Ukrainaning eng qudratli odamlaridan biri, prezidentning o‘ng qo‘li va uning Ofisi rahbari Andrey Yermak.

«U kino sanoati bilan shug‘ullangan, men ham shug‘ullanaman. Shuning uchun juda do‘stona munosabatlarimiz bor. Bo‘lgan, bor va Xudo xohlasa, bo‘ladi», - degandi Mindich «Sxemalar» loyihasi jurnalistlariga. Ular uni Ukraina siyosiy tarixining qizg‘in paytlaridan birida - Oliy Rada Igor Kolomoyskiyning milliylashtirilgan «Privatbank» ustidan nazoratni qaytarib olishiga yo‘l qo‘ymaydigan qonunni qabul qilmoqchi bo‘lganida prezident ofisi binosi yonida uchratishgan.

Ehtimol, Mindichning biznes manfaatlari haqidagi eng sirli voqea urushayotgan Ukrainaning mudofaa sanoati bilan bog‘liq va bu prokurorning «Karlson» Ukraina mudofaa tizimida ham noqonuniy boylik orttirganini aytgan gapiga yangicha qarashga undaydi.

Bu yilning avgust oyida The Kyiv Independent nashri Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi Fire Point kompaniyasi faoliyatini u ishlab chiqargan dronlar narxining oshishi ehtimoli va kompaniyaning Mudofaa vazirligi buyurtmalarini bajara olish qobiliyati yuzasidan tekshirayotganini xabar qildi.

Bir nechta dron modellaridan tashqari, Fire Point Vladimir Zelenskiy Ukraina tomonidan amalga oshirilgan eng muvaffaqiyatli ishlanma deb atagan «Flamingo» qanotli raketalarini ishlab chiqaradi. Qurol-yarog‘ ishlab chiqarish sohasida sezilarli tajribaga ega bo‘lmagan kompaniya o‘z mahsulotlariga keng ko‘lamli buyurtma oldi va bu soha mutaxassislarining qarama-qarshi fikrlariga sabab bo‘ldi.

O‘shanda The Kyiv Independent  jurnalistlari manbalarga tayanib, Fire Point’ning haqiqiy egasi aynan Timur Mindich ekanini ta’kidlagan edi.

 

Biroq, tez orada Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi «Flamingo» raketasi bo‘yicha tergov olib bormayotganini ma’lum qildi va Fire Point bosh konstruktori Denis Shtilerman ZN.ua nashriga bergan intervyusida 2024 yil bahorida Mindich haqiqatan ham kompaniya aksiyadorlari tarkibiga kirish istagini bildirganini, ammo «bundan hech narsa chiqmaganini, chunki biz unga rad javobini berganini» aytdi.

Shtilermanning so‘zlariga ko‘ra, keyinchalik u Mindich bilan «faqat yahudiy bo‘lgani uchungina uchrashgan, lekin umuman kompaniya ishlari bo‘yicha emas». Mindichning o‘zi Fire Point bilan bog‘liq vaziyatni sharhlashdan bosh tortdi.

Keyin nima bo‘ladi?

Ukraina hukumati vakillarining «Shlagbaum» sxemasi ishi bo‘yicha dastlabki izohlari ancha ehtiyotkorona edi.

«Energoatom» 10-noyabr kuni kompaniya tergov davomida huquq-tartibot idoralariga ko‘maklashayotganini ma’lum qildi.

Bosh vazir Yuliya Sviridenko hukumat protsessual harakatlar natijalarini kutayotganini va korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Prezident devonida avvaliga bu ishni alohida sharhlash zaruriyatini ko‘rishmadi, ammo Voladimir Zelenskiy an’anaviy kechki murojaatida bu mavzuga yarim daqiqadan sal ko‘proq vaqt ajratdi.

«Korrupsiyaga qarshi har qanday samarali harakatlar juda zarur. Jazoning muqarrarligi kerak. «Energoatom» hozirda Ukrainaga energiya ishlab chiqarishning eng katta ulushini ta’minlamoqda. Kompaniyada tozalik ustuvor ahamiyatga ega. [...] Sxemalarni tuzgan har bir kishi aniq protsessual javobgarlikka tortilishi lozim. Hukmlar chiqarilishi shart. Hukumat amaldorlari esa MKQK bilan, huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda ishlashi va natijaga erishish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishi lozim», - dedi Zelenskiy.

Prezident o‘z nutqida birorta familiyani, jumladan, shaxsan o‘ziga yaqin hisoblangan Mindich va Chernishovni tilga olmadi. Buni janjalning birinchi kunida bu familiyalar faqat manbalarga havola qilingan holda eshitilgani, ammo huquq-tartibot xodimlaridan eshitilmagani bilan izohlash mumkin. 11-noyabr kuni «Shlagbaum» ishi ishtirokchilari anonimlikni yo‘qotgach, Zelenskiy bu masalaga izoh bermadi - u bu kunni Rossiya istilosidan ozod etilganining uch yilligi munosabati bilan Xersonda o‘tkazdi.

O‘z navbatida, Yuliya Sviridenko hukumati «Energoatom» kuzatuv kengashining vakolatlarini muddatidan oldin tugatish va kompaniyani shoshilinch tarzda auditdan o‘tkazish, uning natijalarini esa huquqni muhofaza qilish va korrupsiyaga qarshi kurashish organlariga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Biroq, hokimiyatning kun sayin kuchayib borayotgan janjalga javoban faqat rasmiy tadbirlar va «hukmni kutish» va’dalari bilan cheklanib qolishi ehtimoldan yiroq.

Birinchidan, MKQK o‘zining so‘nggi so‘zini aytmagani aniq. «Shlagbaum» ishi ishtirokchilarining navbatdagi tinglovlari yakunida detektiv Aleksandr Abakumov «Davomi bor» degan umidbaxsh iborani aytdi.

MKQKning har bir keyingi videolari tobora yuqori martabali shaxslar haqida ma’lumotlar berishi tufayli, yaqin kelajakda amaldagi hukumatning yuqori lavozimli vakillari ishtirokidagi yozuvlarni kutish mumkin.

MKQKning o‘zi uchun bu maksimal tavakkalchilikka ega o‘yin. Ko‘plab ommaviy axborot vositalarining manbalari iyul oyida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning mustaqilligini cheklashga urinishning sababi sifatida ularning o‘z tekshiruvlarida Voladimir Zelenskiyga shaxsan yaqin bo‘lgan shaxslarga yaqinlashganini ko‘rsatdi. O‘shanda ovoz chiqarib - tasodifmi, yo‘qmi - aynan Chernishov bilan Mindichning familiyalari tilga olingan edi.

Korrupsiyaga qarshi faollar «Shlagbaum» ishi faqat «karton» (ya’ni, karton bo‘laklariga yozilgan shiorlar bilan) norozilik namoyishlari tufayli amalga oshgani, shundan so‘ng hokimiyat orqaga chekinganini aytganda aynan shuni nazarda tutishmoqda.

E’tiborli fakt: MKQK «Midas» operatsiyasining yakuniy bosqichida byuroning barcha tergovchilari ishtirok etganini ma’lum qildi. Bu ish MKQK tarixidagi eng muhim ish bo‘lishi va bu tashkilotning taqdiri uning natijasiga bog‘liq bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Zelenskiy va G‘arb mamlakatlari nima deydi?

Ikkinchidan, bugungi vaziyat Zelenskiydan aniqroq pozitsiya egallashni talab qilishi mumkin. Prokurorning aytishicha, aynan prezident bilan yaqin aloqalar Timur Mindichning noqonuniy faoliyatiga ko‘maklashgan omillardan biri bo‘lgan. Bu gaplarning o‘zi Zelenskiyni «mojarolardan yiroqң turish imkoniyatidan mahrum etadi.

Mindich ishida Rustem Umerovning nomi tilga olinishi — u mudofaa vaziri bo‘lganida hech kim unga bosim o‘tkazmaganini ta’kidlashiga qaramay - bu janjalda yangi qirralarni ochishi mumkin. Agar prezidentning do‘sti nafaqat energetikada, balki mudofaa sohasida, urush olib borayotgan armiyada ham o‘g‘irlikda ayblanayotgan bo‘lsa, bu hokimiyat uchun umuman va shaxsan prezident uchun jiddiy obro‘ yo‘qotishga olib kelishi mumkin.

Kuzatuvchilar janjal ishtirokchilarini lavozimidan bo‘shatish yoki hech bo‘lmaganda vaqtincha chetlashtirish masalasini muhokama qilayotgan bir paytda, ijtimoiy tarmoqlarda Prezident devonining bu voqeaga javobi korrupsiyaga qarshi kurash idoralariga yangi hujum uyushtirish bo‘lishini bashorat qiluvchi pessimistik fikrlar ham yetarlicha.

Uchinchidan, Ukrainaning g‘arbiy hamkorlari tomonidan sodir bo‘layotgan voqealarga aniq munosabat bildirilmagani e’tiborga loyiq. Axir, ularning aralashuvi joriy yil yozida MKQK va SAP mustaqilligini yo‘qqa chiqarish bilan bog‘liq vaziyatni «orqaga qaytarish»ga imkon bergan muhim omil bo‘lgan edi. Hozir ular Ukraina hukumatining harakatlarini kutayotganga o‘xshaydi. Ammo agar bu harakatlar hukumatni keng ko‘lamli korrupsion firibgarlikda gumon qilinayotganlarni himoya qilishga urinayotganini ko‘rsatsa, keskin munosabat bildirish uzoq kuttirmaydi. Bu munosabat yozda sodir bo‘lganidan ham qattiqroq bo‘lishi mumkin.

To‘rtinchidan, «Shlagbaum» mojarosi Rossiya armiyasining Ukraina energetika ob’ektlariga shiddatli zarbalari avjiga chiqqan paytda yuz bermoqda. Hozirning o‘zidayoq Kiyev aholisi soatlab elektr energiyasiz qolmoqda, ekspertlar esa zamonaviy Ukraina tarixidagi eng og‘ir qishni bashorat qilmoqda.

Bunday sharoitda ba’zi shaxslar — ayniqsa prezidentga yaqin odamlar —energetika sohasidan iloji boricha ko‘proq pul o‘g‘irlash uchun hamma narsani qilgani, keyin esa chet elga chiqib ketgani haqidagi xabarlar (OAV manbalariga ko‘ra, Timur Mindich va Aleksandr Sukerman buni uddalashgan) ijtimoiy norozilikka olib kelmasa-da, hokimiyatga bo‘lgan ishonchning keskin pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bunday vaziyatni jamiyat e’tiborini boshqa mavzuga burish yoki hukumat nazoratidagi Telegram-kanallarda qarshi targ‘ibot olib borish bilan bartaraf etish mumkinligi dargumon.

 

Teglar

null null

Vaqt.uzMaqolalar soni: 392

Barchasi

Mavzuga oid

Ukrainada misli ko‘rilmagan korrupsiya mojarosi yuz berdi. Uning markazida Zelenskiyning yaqin do‘sti turibdi | Vaqt.uz