
Ukrainada urush tugashining ehtimolli sanasi aytildi
AQSH prezidentining sobiq maxsus vakiliga ko‘ra, bahordan so‘ng vaziyat o‘zgarib, jangdagi ustunlik Ukraina tomonga o‘tadi.

Davosda aytilgan bayonotlarga ko‘ra, Ukrainadagi urush hal qiluvchi bosqichga yaqinlashmoqda va uning yakunlanishi uchun aniq sana ham tilga olinmoqda.
AQSH prezidentining Ukraina masalalari bo‘yicha sobiq maxsus vakili Kit Kellog Ukrainadagi urush joriy yil yozidayoq tugashi mumkinligini bildirdi. U bu haqda Davosda bo‘lib o‘tgan «Ukraina: frontdagi kelajak» nomli muhokamada aytdi.
«Glavred» nashrining yozishicha, Kellog urush tugashi mumkin bo‘lgan ramziy sana sifatida Ukraina Mustaqillik kuni — 2026 yil 24-avgustni tilga olgan.
«Agar Ukraina shu yanvar va fevaraldagi qish oylaridan eson-omon chiqib olsa mart-aprel oylari tashabbus ular tomonga o‘tadi. Yoz faslidagi Mustaqillik kunigacha bu zaminga tinchlik keladi», — dedi Kellog.
Kellog buni harbiy, siyosiy va psixologik omillar yig‘indisi bilan izohladi. Uning fikricha, aynan bahor urush taqdirini hal qiluvchi davr bo‘ladi.
Bahorda ustunlik o‘zgaradi
Kellogning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi paytda frontdagi vaziyat og‘ir bo‘lishiga qaramay, Ukraina Qurolli kuchlari rus qo‘shinlarini tiyib turibdi.
Shu bilan birga, Kellog Rossiya prezidenti Vladimir Putinning urushdagi maqsadlari amalga oshmaganini ta’kidladi. U Putinning yutuqlarini «metrlar bilan o‘lchashi»ni aytib, Rossiya qo‘shinlari hali Odessada ham, Kiyevda ham emasligini, hatto Donbassdan to‘liq chiqib ketmaganini qayd etdi. Bu esa Moskva uchun jiddiy harbiy va strategik muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.
Kellogning bayonotlari xalqaro maydonda Ukrainaga qo‘llab-quvvatlash masalasi yana dolzarblashgan bir paytda yangradi. Davosdagi muhokamalarda ham G‘arb davlatlarining diqqati urushning uzoq davom etishi va uni diplomatik yo‘l bilan tugatish imkoniyatlariga qaratildi.





