add

Ukrainaga hujumlar keskinlashganidan so‘ng, Tramp Putinni «jinni» deb atadi

26.05.2025 | 10:4018354

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «jinni» deb atadi va Ukrainaga uyushtirilgan eng yirik havo hujumidan keyin Moskvaga qarshi keskin choralar ko‘rishga chaqirdi.

Ukrainaga hujumlar keskinlashganidan so‘ng, Tramp Putinni «jinni» deb atadi
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaning Ukrainaga qarshi eng yirik havo hujumi ortidan Vladimir Putinni keskin tanqid qildi. Yakshanba kuni kechqurun Nyu-Jerside jurnalistlar bilan suhbatda u: «u shaharlarga raketalar yuboryapti va odamlarni o‘ldiryapti. Bu menga mutlaqo yoqmaydi», dedi. Keyinchalik u Truth Social'da Putinni «umuman jinni bo‘lib qolgan», deb atadi. Bu bayonotlar Rossiya tomonidan 367ta dron va raketa yuborilib, Ukrainada kamida 12 nafar inson halok bo‘lgan, yuzlab kishi yaralangan kechaning ortidan aytildi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa AQSH tomonidan jimlik saqlanayotganini tanqid qilib, bu Putinni rag‘batlantirayotganini ta’kidladi va Moskvaga nisbatan qattiq sanksiyalar joriy etilishini talab qildi. Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llash mumkinligini istisno qilmadi. Garchi u bu kabi tahdidlarni avval ham bildirgan bo‘lsa-da, hozirgacha jiddiy cheklovlar joriy etilmagan. Shu bilan birga, u Zelenskiyni ham tanqid qilib, «u aytgan har bir so‘z muammo keltiryapti», dedi. O‘tgan hafta Tramp va Putin o‘rtasida ikki soatlik telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda AQSHning tinchlik kelishuvi taklifi muhokama qilindi. Tramp bu suhbatni samarali deb baholab, taraflar zudlik bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarga kirishishini aytdi. Ukraina 30 kunlik sulhga rozilik bildirdi. Rossiya esa hozircha «mumkin bo‘lgan tinchlik shartlari» bo‘yicha memorandum ustida ishlashini ma’lum qildi. Bu Kiyev va Yevropadagi ittifoqchilar tomonidan vaqtni cho‘zish sifatida baholandi. 2022 yildan beri ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukraina-Rossiya muzokaralari 16 may kuni Istanbulda o‘tkazildi. Bir hafta avval amalga oshirilgan harbiy asirlar almashinuvi bo‘yicha kelishuvdan tashqari, urushni to‘xtatishda sezilarli natijaga erishilmadi. Ayni paytda Rossiya Ukraina hududining taxminan 20 foizini, jumladan 2014 yilda anneksiya qilingan Qrimni nazorat qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid