add

Ukrainaliklarning AQSH va NATOga ishonchi keskin pasaydi

Kecha 23:282612 daqiqa

Sotsiologlar so‘roviga ko‘ra, bir yil ichida ukrainaliklarning AQSH va NATOga ishonchi keskin pasaygan, Volodimir Zelenskiyga bo‘lgan ishonch esa oshgan.

Ukrainaliklarning AQSH va NATOga ishonchi keskin pasaydi

Ukraina aholisi orasida AQSH va NATOga bo‘lgan ishonch darajasi so‘nggi bir yil ichida sezilarli darajada pasaydi. Bu haqda Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti (KXSI) o‘tkazgan navbatdagi ijtimoiy so‘rov natijalarida ma’lum qilindi.

So‘rov ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil dekabrida ukrainaliklarning atigi 21 foizi AQSHga ishonch bildirgan. Bu 2024 yil dekabridagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki barobar kam — o‘shanda ishonch darajasi 41 foizni tashkil etgan edi. Shu bilan birga, AQSHga ortiq ishonmaydiganlar ulushi ham keskin oshgan: agar 2024 yilda bu ko‘rsatkich 24 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda 48 foizga yetgan.

NATOga nisbatan munosabat ham salbiy tomonga o‘zgargan. 2025 yilda alyansga ishonch bildirganlar 34 foizni tashkil qildi, bu esa o‘tgan yildagi 43 foizdan ancha past. NATOga ishonmasligini bildirganlar ulushi esa 25 foizdan 41 foizgacha oshgan.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqiga nisbatan ishonch darajasi deyarli o‘zgarmagan. So‘rov natijasiga ko‘ra, ukrainaliklarning 49 foizi YIga ishonadi, 23 foizi esa ishonmasligini bildirgan.

Ayni paytda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga bo‘lgan ishonch darajasi biroz oshgan. Dekabr oyida unga ishonch bildirganlar 61 foizni tashkil etgan, oktabrda esa bu ko‘rsatkich 60 foiz edi. Ishonchsizlik darajasi esa 35 foizdan 32 foizga tushgan.

KXSI ijrochi direktori Anton Grushetskiyning ta’kidlashicha, korrupsiya bilan bog‘liq mojarolar fonida prezidentga ishonch pasayishi mumkin edi. Biroq Zelenskiy ma’muriyati rahbari Andrey Yermakning ishdan olinishi hamda AQSH tomonidan bosim kuchayishi ishonchni qayta tiklashga xizmat qilgan.

So‘rov ishtirokchilarining aksariyati — 57 foizi prezident saylovlari faqat urush to‘liq yakunlanganidan so‘ng o‘tkazilishi kerak, deb hisoblaydi. Yana 25 foiz respondent esa o‘t ochish to‘xtatilib, xavfsizlik kafolatlari berilgan taqdirda saylovlar o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagan.

Teglar

Mavzuga oid