
Ukrainlar Erondan qurol olib ketayotgan Rossiya kemasini cho‘ktirib yubordi
15.08.2025 | 20:4029803
Ukraina manbalariga ko‘ra, hujum paytida «Port Olya-4» nomli quruq yuk kemasi zarba yegan. Ushbu kema Erondan «Shahed» turidagi dron qismlari va qurol-yarog‘ olib ketayotgani aytilmoqda.

Ukraina Qurolli kuchlarining maxsus operatsiyalar bo‘linmalari Rossiyaning Astraxan oblastida joylashgan Olya dengiz portiga zarba berdi. Ukraina manbalariga ko‘ra, hujum paytida «Port Olya-4» nomli quruq yuk kemasi zarba yegan. Ushbu kema Erondan «Shahed» turidagi dron qismlari va qurol-yarog‘ olib ketayotgani aytilmoqda.
Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ushbu hodisa haqida izoh berar ekan, «Agar ukrainlarni o‘ldiradigan qurol va dron qismlarini tashish istagi bo‘lsa, transportning cho‘kishiga hayron qolmaslik kerak» deya ta’kidladi. Internetda suvga cho‘kib ketgan kema suratlari ham tarqaldi.
Astraxan oblasti gubernatori Igor Babushkin 14 avgust kuni Ukraina dronlari portga hujum qilganini tasdiqladi. Uning aytishicha, radioelektron kurash vositalari barcha dronlarni o‘chirib qo‘ygan, ammo portdagi bir kema dron qoldiqlari ta’sirida shikastlangan. Rossiya Mudofaa vazirligi esa hodisa yuzasidan izoh bermadi.
Bundan tashqari, 15 avgust kuni Ukraina dronlari Samara viloyatining Sizran shahridagi neft qayta ishlash zavodiga ham zarba berdi. Viloyat rahbari Vyacheslav Fedoriev buni «ommaviy dron hujumi» deb atadi va 13 dron urib tushirilganini ma’lum qildi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumoticha, bir kechada to‘qqizta rossiyalik hudud va Azov dengizi ustida jami 53 dron yo‘q qilingan.





