
Umra xizmatlarida «Sirli mijoz» nazorati yo‘lga qo‘yiladi
10.08.2025 | 17:0027253
O‘zbekistonda umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida «Sirli mijoz» yashirin nazorat tadbirlari amalga oshiriladi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 8 avgustda qabul qilgan qarorga ko‘ra, tadbirlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, litsenziyasiz xizmat ko‘rsatish holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan.
«Sirli mijoz» qonuniylik, xolislik va adolat prinsiplariga asosan qo‘mita mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. U tekshiruv yoki tadbirkorlik faoliyatiga aralashish hisoblanmaydi va «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olinmaydi. Tadbir qo‘mita tashabbusi bilan murojaatlar, davlat organlari ma’lumotlari, OAV va ijtimoiy tarmoqlar yoki «Xavfni tahlil qilish» tizimi orqali olingan ma’lumotlar asosida tashkil etiladi.
Nazorat jarayonida mas’ul xodim gumon qilingan shaxs oldiga mijoz sifatida borib, xizmat litsenziyasi, shartlari, muddati, narxi va to‘lov tartibi haqida ma’lumot to‘playdi. Zarur hollarda yashirin diktofon yoki videokuzatuv vositalari qo‘llanilishi mumkin.
Tadbir yakunlari bo‘yicha dalolatnoma tuziladi va besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Huquqbuzarlik holatlari tasdiqlansa, qonunchilikka muvofiq tekshiruv o‘tkazish yoki materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish taklifi tayyorlanadi.





