add

Umraga borgan 50 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchi qaytish aviachiptasi yo‘qligi sabab Makkada qolib ketti

18.09.2025 | 20:4019673

Saudiya Arabistonidagi Bosh konsulxona aralashuvidan so‘ng sayyohlik firmasi ular uchun aviachiptalar xarid qilgach, 17-sentyabrda ular O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.

Umraga borgan 50 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchi qaytish aviachiptasi yo‘qligi sabab Makkada qolib ketti
Saudiya Arabistonidagi Makka shahrida umra ibodatini ado etgan 50 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchi qaytish chiptasisiz qolib, qiyin ahvolga tushgani ma’lum qilindi. Ular sayyohlik firmalari orqali safar qilgan bo‘lib, dastlab 15 sentyabr kuni Vatanga qaytishi kerak edi. Biroq chiptalar vaqtida sotib olinmagani sababli ziyoratchilar rejalashtirilgan kuni yo‘lga chiqolmadi. Mazkur holat haqida O‘zbekiston fuqarosi Bosh konsulxonaga murojaat qilib, ularning yurtga qaytishida amaliy yordam so‘radi. Ziyoratchilar orasida asosan keksa yoshli va ayollar bo‘lgani uchun vaziyatda xavotir kuchaygan. Bosh konsulxona vakillari sayyohlik kompaniyasi mas’ullari bilan muzokara o‘tkazib, ulardan ziyoratchilarni xavfsiz va tez orada yuborish choralarini ko‘rishni talab qildi. Kompaniya vakillari muammo aviachiptalarni ta’minlovchi hamkorlar bilan bog‘liq to‘siqlar sabab sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Konsulxona nazorati ostida ziyoratchilar vaqtincha Makkadagi «Samaa Al-Misk Hotel» mehmonxonasiga joylashtirildi. Shuningdek, kompaniyaga ziyoratchilarni turar joy va chiptalar bilan ta’minlash yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi. Olib borilgan muzokaralar natijasida muammo hal qilindi. Sayyohlik firmasi zarur chiptalarni xarid qilib, ziyoratchilar 17 sentyabr kuni «Fly Khiva» aviakompaniyasining «Madina – Toshkent» yo‘nalishidagi reysi orqali O‘zbekistonga qaytarildi.

Teglar

Mavzuga oid