
UNICEF: ilk bor bolalardagi vazn yetishmovchiligiga qaraganda semizlik ko‘paydi
11.09.2025 | 11:304903
Dunyo bo‘ylab ilk marta bolalar va o‘smirlar orasida semizlik darajasi vazn yetishmovchiligidan ko‘proq qayd etildi, deya xabar berdi tashkilot.

Tadqiqotchilar semizlik ortishi holatini arzon va yuqori kaloriyali mahsulotlarning an’anaviy ovqatlanish o‘rnini bosib borayotgani bilan izohlamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan har beshinchi bola — jami 391 million nafar — ortiqcha vaznga ega. Ulardan ko‘pchiligi semizlikdan aziyat chekmoqda. Biroq kam va o‘rta daromadli davlatlarda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida kam ovqatlanish muammosi hamon jiddiyligicha qolmoqda.
YUNISEF 190 dan ortiq mamlakat ma’lumotlariga tayanadi. 2000 yildan buyon bolalar orasida vazn yetishmovchiligi 13 foizdan 9,2 foizga tushgan bo‘lsa, semizlik ko‘rsatkichi 3 foizdan 9,4 foizga ko‘tarilgani qayd etilgan. bugungi kunda Qora Afrika va Janubiy Osiyodan tashqari barcha mintaqalarda ortiqcha vazn holatlari ustunlik qilmoqda.
Eng yuqori semizlik darajalari Tinch okeani orol-davlatlarida qayd etilgan: Niue — 38 foiz, Kuk orollari — 37 foiz, Nauru — 33 foiz. Mutaxassislar bu ko‘rsatkichlarni import qilinadigan arzon, yuqori kaloriyali mahsulotlarning ommalashuvi bilan bog‘lamoqda.
YUNISEF ta’kidlashicha, bolalarda sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash — ularning o‘sishi, aqliy rivojlanishi va ruhiy salomatligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois tashkilot mamlakatlarni mahsulotlar markirovkasi va marketingini cheklash, maktablarda zararli yeguliklar savdosini taqiqlash kabi choralarni ko‘rishga chaqirdi.





