Urganch–Xiva pullik yo‘li qurilishi boshlandi
120 million dollarlik Urganch–Xiva pullik yo‘li ishga tushganidan so‘ng, safar vaqti 17 daqiqani tashkil etishi kutilmoqda.

O‘zbekistondagi ilk pullik avtomagistral — Urganch–Xiva yo‘nalishidagi 35 kilometrli yo‘l qurilishi rasman boshlandi. 120 million dollar qiymatga ega loyiha mamlakat transport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalining reportajida ma’lum qilindi.
35 kilometrli to‘rt tasmali yo‘l doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o‘tish joyi, shuningdek kommunikatsiya tarmoqlari barpo etiladi. Yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati kuniga 20 mingdan ortiq transport vositasini tashkil etishi kutilmoqda. Yangi yo‘l xalqaro standartlar asosida barpo etilmoqda va asfalt-beton qoplamasiga ega bo‘ladi.
Loyihani tashkillashtirish jarayoni
Xorazm viloyati avtomobil yo‘llari boshqarmasi boshlig‘i Dilshodbek Niyazmetovning ma’lum qilishicha, loyiha beshta uchastkaga bo‘lingan bo‘lib, bir nechta pudrat tashkilotlari jalb etilgan. Qurilish jarayoni xalqaro maslahatchilar va maxsus laboratoriyalar tomonidan nazorat qilinmoqda. Ishlarga mingdan ortiq texnika va ko‘plab mutaxassislar safarbar etilgan.
Loyiha doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o‘tish joyi barpo etiladi. Shuningdek, aloqa tarmoqlari va muhandislik infratuzilmasi quriladi.
Sun’iy intellekt asosli qurilmalar
Xalqaro «Temelsu» konsalting kompaniyasi muhandisi Bulent Bayirning ta’kidlashicha, yo‘lda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan raqamli qurilmalar o‘rnatiladi. Ular transport turi va og‘irligini avtomatik aniqlab, harakat oqimini samarali boshqarish imkonini beradi. Yo‘l konstruksiyasining umumiy qalinligi 87 santimetrni tashkil etib, iqlim sharoitiga chidamli yangi avlod materiallari qo‘llaniladi.
«Road Project Bureau» MCHJ direktori G‘ulom Zohidovga ko‘ra, magistral foydalanishga topshirilgach, hozir bir soatgacha davom etadigan masofani 17 daqiqada bosib o‘tish mumkin bo‘ladi. Yo‘l bo‘ylab xizmat ko‘rsatish punktlari, zamonaviy drenaj tizimi, piyodalar o‘tish joylari hamda atrof-muhit va aholi xavfsizligini ta’minlovchi inshootlar ham nazarda tutilgan.





