add

Urgutda mast erkak maktabga bostirib kirib, o‘qituvchini kaltakladi

30.10.2025 | 17:008302

Voqea Samarqand viloyatining Urgut tumanida joylashgan 112-maktabda sodir bo‘lgan.

Urgutda mast erkak maktabga bostirib kirib, o‘qituvchini kaltakladi

Samarqand viloyati Urgut tumanida mast erkak maktabga bostirib kirib, o‘qituvchini kaltakladi. Bu bo‘yicha Vaqt.uz'ga videomurojaat kelib tushdi. Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Ipak yo‘li» mahallasida yashovchi U.Sh. ismli fuqaro 27 oktabr kuni mast holda 112-maktabga kirib, o‘qituvchilarni haqorat qilgan. Maktab qorovuli uni tinchlantirishga uringan. Ammo u bo‘ysunmasdan pedagoglarga nisbatan qo‘pol so‘zlar ishlatib, ularni haqoratlagan.

U maktabda matematika o‘qituvchisi S.T.ni haqoratlab, hatto unga qo‘l ko‘targan. Bu holatni ko‘rib, janjalga aralashgan maktab psixologi I.I. ham kaltaklangan. Boshqa o‘qituvchilar ularni to‘xtatib, erkakni maktabdan chiqarib yuborishgan.

Ammo oradan ko‘p o‘tmay, erkak o‘g‘li A.H. va jiyani Sh.H. bilan birga psixologdan o‘ch olish maqsadida uning uyiga borib, darvozani tepgan va pichoq bilan oilasini qo‘rqitgan. Psixologni uyidan topa olishmagach, yana maktabga qaytib, I.I.ni ish joyida kaltaklashgan. Natijada psixolog og‘ir tan jarohati olgan.

Guvohlarning aytishicha, voqea paytida maktabda qo‘rquv va vahima yuzaga kelgan. Jabrlangan psixolog «tez yordam» mashinasida shifoxonaga olib ketilgan. Shifokorlar uning burun suyagi singanini va tanasida boshqa jarohatlar borligini tasdiqlashgan.

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa yuz bergandan so‘ng maktab ma’muriyati tuman ichki ishlar bo‘limiga darhol xabar bergan. Shuningdek, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘qituvchining ahvolidan xabar olish maqsadida tibbiyot birlashmasiga borgan.

«Ayni paytda o‘qituvchining umumiy ahvoli yaxshi. Ushbu holat Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan. Holat bo‘yicha hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.», — deyiladi boshqarma axborotida.

Aytish joizki, keyingi paytlarda Samarqand viloyati maktablarida shov-shuvli holatlar tez-tez kuzatilmoqda. Yaqinda Urgut tumanidagi boshqa bir maktabda 9-sinf o‘quvchi qizlar o‘rtasida janjal sodir bo‘lgani xabar qilingan edi. Bu holat bo‘yicha ham ota-onalarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.

Teglar

Mavzuga oid