add

Urush uchun oshirilayotgan QQS: Rossiyada Moliya vazirligi xalqning cho‘ntagiga chang solmoqchi

24.09.2025 | 16:3033404

Rossiya moliya vazirligi QQS stavkasini 22 foizga ko‘tarish taklifini kiritdi. Bu chora asosan urush xarajatlarini qoplash uchun belgilangan.

Urush uchun oshirilayotgan QQS: Rossiyada Moliya vazirligi xalqning cho‘ntagiga chang solmoqchi
Rossiya Moliya vazirligi hukumatga 2026 yil byudjeti va 2027–2028 yillar reja ko‘rsatkichlarini taqdim etdi. Hujjatda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasi amaldagi 20 foizdan 22 foizga ko‘tarilishi nazarda tutilgan. Idoraning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishdan keladigan mablag‘lar «mudofaa va xavfsizlikni moliyalashtirish» uchun yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar uchun 10 foizlik imtiyozli stavka saqlab qolinadi. Unga oziq-ovqat, dori-darmon, bolalar mahsulotlari, bosma nashrlar va kitoblar kiradi. Moliya vazirligi byudjetni to‘ldirishning boshqa yo‘llarini ham taklif qilgan: aksilkovid imtiyozlarini bekor qilish, QQS to‘lovchilari doirasini kengaytirish, bukmekerlik kontorlari va qimor biznesiga yangi soliqlar joriy etish, yirik davlat kompaniyalarini xususiylashtirish. Agar o‘zgarishlar qabul qilinsa, ular 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Taklif ortdagi asosiy sabab — byudjet taqchilligining keskin o‘sgani bo‘ldi. 2025 yil uchun bu boradagi reja 1,17 trln rubl (YAIMning 0,5 foizi) etib belgilangan edi, ammo yanvar–avgustda u rekord 4,19 trln rubl (YAIMning 1,9 foizi)ga yetdi. Reuters manbalariga ko‘ra, bu neft-gaz daromadlari 20,2 foizga pasaygani va Ukrainadagi urush xarajatlari 21,1 foizga ko‘paygani bilan bog‘liq. QQS Rossiya byudjeti uchun eng yirik manba hisoblanadi. 2024 yilda u federal daromadlarning 37 foizini (13,5 trln rubl) ta’minladi. Oxirgi marta 2019 yilda hukumat QQSni 18 foizdan 20 foizga oshirgan edi. The Bell hisob-kitoblariga ko‘ra, yana 2 foizlik o‘sish byudjetga qo‘shimcha 1 trln rubl yoki YAIMning 0,5 foizini olib kelishi mumkin. Rossiya Ishbilarmonlar va ishlab chiqaruvchilar ittifoqi (RSPP) rahbari Aleksandr Shoxinning ogohlantirishicha, QQS o‘sishi narxlar va inflyatsiyaning yangi to‘lqiniga sabab bo‘ladi. «Yana inflyatsiya, yana stavkalar ko‘tarilishi…», — deya tanqid qildi u.

Teglar

Mavzuga oid