Urush vaqtincha to‘xtadi. Neft narxlari keskin pasaydi

Bu pasayish AQSH va Eron tomonidan e’lon qilingan ikki haftalik sulh haqidagi xabarlarga bozorning aniq reaksiyasi bo‘ldi.

Urush vaqtincha to‘xtadi. Neft narxlari keskin pasaydi © Wikimedia Commons

AQSH va Eron 7-aprel kuni kechqurun ikki haftalik shartli o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Bu kelishuv Pokiston vositachiligida so‘nggi daqiqada amalga oshirilgan diplomatik harakatlar natijasida yuzaga keldi va Donald Trampning Eronga qo‘ygan ultimatumini bekor qildi. Kelishuv doirasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi vaqtinchalik va shartli ravishda qayta ochilishi ko‘zda tutilgan.

Tramp bu kelishuvni o‘zining soat 20:00 (Sharqiy vaqt)ga belgilangan, Eronning elektr stansiyalari va ko‘priklariga zarba berish muddatidan ikki soat oldin e’lon qildi. Bu harakat, huquqshunoslar, ko‘plab davlatlar rasmiylari va hatto Rim papasi tomonidan harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan edi.

Bir necha soat oldin Tramp «Truth Social» tarmog‘ida: «Bu kecha butun bir sivilizatsiya yo‘q bo‘lishi mumkin», – deb yozgan. Shu vaqtda AQSHning B-52 bombardirovchilari Eron tomon yo‘l olgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Keyinchalik Tramp Shahboz Sharif iltimosi bilan ikki haftalik «diplomatiyaga imkoniyat berish» maqsadida sulhga rozi bo‘lganini ma’lum qildi.

«Eron Islom Respublikasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq, darhol va xavfsiz ochishga rozi bo‘lsa, men ikki hafta davomida hujumlarni to‘xtataman», – deb yozdi Tramp.

Trampning aytishicha, Xitoy Eronni muzokaralarga ko‘ndirishda rol o‘ynagan. Shuningdek, u Eronning boyitilgan urani «to‘liq nazorat ostida bo‘lishini» aytdi, ammo batafsil ma’lumot bermadi.

Ikki haftalik sulh davomida tomonlar 10 bandli taklif asosida doimiy kelishuvga erishishi mumkin. Tramp buni «ikki tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish» deb atadi va AQSH o‘z harbiy maqsadlariga erishganini ta’kidladi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy ham kelishuvni tasdiqlab, ikki hafta davomida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz harakat ta’minlanishini bildirdi.

Isroil nima deydi?

Bir necha soat davomida Isroil pozitsiyasi noaniq bo‘lib qoldi. Keyinroq bosh vazir Binyamin Netanyahu AQSH bilan tuzilgan sulhni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, ammo bu kelishuv Livandagi «Hibulloh»ga qarshi amaliyotlarga taalluqli emasligini ta’kidladi.

Kelishuv jarayoni noaniqlik bilan kechdi: Eron muzokaralar uchun taklif etilgan 10 bandli rejaning ikki xil versiyasini e’lon qildi. Fors tilidagi versiyada yadroviy dastur bo‘yicha «boyitishni qabul qilish» iborasi bor edi, ammo inglizcha versiyada bu ibora yo‘q edi.

Pokiston 10-aprel kuni Islomobodda muzokaralarga taklif qildi. Tehron qatnashishini bildirdi, ammo Vashington hali rasman javob bermagan.

O‘t ochishni to‘xtatish qachon kuchga kiradi?

O‘t ochishni to‘xtatish to‘liq qachon amalga kirishi hali aniq emas. Isroil ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, sulh Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qayta ochilganidan keyin kuchga kiradi. Shu bilan birga, Isroil bu oraliq davrda Eron tomonidan hujumlar davom etishini kutmoqda.

Donald Trampning bayonotidan bir soatdan ortiq vaqt o‘tgach, Isroil harbiylari Eron tomonidan uchirilgan raketalarni aniqlaganini ma’lum qildi. Tel Aviv shahrida esa ushlab qolingan raketalar portlashlari eshitilgan.

Shu bilan bir vaqtda, Fors ko‘rfazi davlatlari – Kuvayt, Bahrayn, Saudiya Arabistoni va BAA – deyarli bir vaqtda ogohlantirish e’lon qildi va havo mudofaa tizimlarini faollashtirdi.

Neft bozori reaksiyasi

Jahon bozorlari Eronda ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi xabarlarga neft va neft mahsulotlari narxining pasayishi bilan javob qaytardi. 8-aprel kuni ertalabga kelib, «Brent» fyucherslari narxi bir barrel uchun taxminan 95 dollar atrofida bo‘ldi, bir kun oldin esa u taxminan 110 dollardan sotilayotgan edi.

«Trading Economics» ma’lumotlariga ko‘ra, neft xomashyosi jahon bozorlarida bir sutkada 14 foizga arzonlab, 96 dollarga tushgan. AQSHda pech yoqilg‘isi sifatida keng qo‘llaniladigan mazut narxi 17 foizga, benzin esa qariyb 10 foizga pasaygan.

Urush AQSHga qanchaga tushdi?

«Financial Times» keltirgan ekspertlar hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSHning Eronga qarshi urushi xarajatlari taxminan 30 milliard dollarni tashkil etgan.

«American Enterprise Institute» katta ilmiy xodimi Eleyn Makkasker nashrga ma’lum qilishicha, 28-fevraldan buyon Eronga qarshi harbiy kampaniya qiymati 22,3 milliard dollardan 31 milliard dollargachani tashkil etgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shuningdek, 13 nafar AQSH harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, 300 nafardan ortig‘i esa yaralangan.

Teglar

Mavzuga oid

Urush vaqtincha to‘xtadi. Neft narxlari keskin pasaydi | Vaqt.uz