Urushdan keyingi Ukrainani tiklash uchun xarajatlar miqdori ma’lum qilindi
To‘rt yillik urush oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur mablag‘ mamlakat iqtisodiyoti hajmidan qariyb uch baravar yuqori deb baholanmoqda.

Ukrainani to‘liq ko‘lamli urushdan keyin tiklash uchun kelasi 10 yil mobaynida 587,7 mlrd dollar talab etiladi. Bu haqda Ukraina hukumati, Jahon banki, Yevrokomissiya va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tayyorlangan qo‘shma hisobotda ma’lum qilindi. Baholash 2025 yil 31-dekabr holatiga asoslangan.
Eng ko‘p xarajat talab qilinadigan soha
Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenkoga ko‘ra, ushbu summa 2025 yil uchun prognoz qilingan nominal yalpi ichki mahsulotdan qariyb uch baravar ko‘p. Hisobotda qayd etilishicha, eng katta xarajat — 96 mlrd dollar — transport infratuzilmasini tiklashga to‘g‘ri keladi.
Uy-joy fondini qayta qurish uchun 90 mlrd dollar;
Savdo va sanoat sektori uchun 63 mlrd dollar;
Qishloq xo‘jaligi uchun esa 55 mlrd dollar zarur.
Shuningdek, mamlakat hududlarini mina va portlash oqibatlaridan tozalash ishlariga qariyb 28 mlrd dollar ajratish talab etiladi. To‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazilgan zarar hajmi 195 mlrd dollardan oshgan bo‘lib, bu avvalgi baholashdan 19 mlrd dollarga ko‘p. Eng katta zarar frontga yaqin viloyatlar va yirik shaharlarda qayd etilgan.
O‘tgan yil bilan solishtirganda
Yangi hisobot o‘tgan yilgi 524 mlrd dollarlik baholashdan ancha yuqori. Bu o‘sish energetika obyektlariga yetkazilgan zararning 21 foizga, transport sohasidagi ehtiyojning esa 24 foizga oshgani bilan izohlanadi. 2025 yil oxiriga kelib, uy-joylarning 14 foizi shikastlangan yoki vayron bo‘lgan, bu uch milliondan ortiq xo‘jalikka ta’sir ko‘rsatgan.
Avvalroq Ukraina sobiq bosh vaziri, hozirgi energetika vaziri Denis Shmixal mamlakatni tiklash uchun 14 yil davomida 1 trln dollar kerak bo‘lishini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu maqsadda xorijda musodara qilingan Rossiya aktivlari va xususiy investitsiyalar hisobiga ikki jamg‘arma tuzish taklif etilgan.





