
Urushning og‘ir to‘lovi: Rossiyaga Ukrainani egallash qanchaga tushmoqda?
10.07.2025 | 23:0019554
Britaniyaning nufuzli The Economist nashri Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari tahlilini e’lon qildi. Jurnalning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya armiyasi 2023–2025 yillarda har bir 3,8 gektar ukrain yerini egallash uchun o‘rtacha bir askarni yo‘qotmoqda.

Britaniyaning The Economist jurnali Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari haqida yangi tahlilni e’lon qildi. Jurnal ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning 9 iyul holatigacha Rossiya harbiylari 190 mingdan 350 ming nafargacha jangchi yo‘qotgan. Har bir Rossiya askari hayoti Rossiya armiyasiga bor-yo‘g‘i 3,8 gektar ukrain yerini egallashga «tushmoqda».
The Economist jurnali 10 iyul kuni chop etgan tahliliy maqolasida Rossiyaning Ukrainadagi umumiy yo‘qotishlarini 900 mingdan 1,3 million kishigacha deb baholadi. Bu baholar nafaqat G‘arb manbalari, balki NASA sputnik ma’lumotlari va boy berilgan yerlar haqidagi tahlillarga asoslangan.
Muharrirlar aytishicha, ularning modeli front chizig‘idagi o‘zgarishlar va yong‘inlardan olingan ma’lumotlar asosida Rossiya armiyasining har kunlik yo‘qotishlarini hisoblaydi. Masalan, 2025 yilning 1 mayidan 9 iyuligacha Rossiya armiyasi 31 ming kishi yo‘qotgan. Bu davrda har kuni taxminan 15 km² ukrain hududi egallangan va har bir 3,8 gektar yer bir askarning hayotiga «tushgan».
Jurnal ta’kidlashicha, Rossiya bu sur’atda Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarini to‘liq egallashi uchun kamida 2029 yilgacha kurash olib borishi kerak. Butun Ukrainani egallash uchun esa 89 yil kerak bo‘ladi.
Hisoblash modeli asosan «Meduza» va «Mediazona» kabi mustaqil manbalardan olingan ma’lumotlar, «Meros ishlari reyestri» va Rosstat ma’lumotlariga tayangan. Shu bilan birga, tahlilchilar modelning aniqligi chegaralanganini tan olishgan. Masalan, 2023 yilda front chizig‘ida deyarli o‘zgarish bo‘lmagan, ammo Rossiya 50 ming kishi yo‘qotgan.
Bundan tashqari, so‘nggi ikki yilda FPV-dronlar keng qo‘llanilmoqda va bu turdagi qurollar yo‘qotishlarni aniqlashda sputnik ma’lumotlariga asoslangan modellar uchun qiyinchilik tug‘diradi.
The Economist'ning xulosasiga ko‘ra, yo‘qotishlarning aniq hisob-kitoblari faqatgina shaxsiy ma’lumotlar va rasmiy hujjatlar orqali tasdiqlangan holda ishonchli bo‘ladi.





