
Uy-joy ta’miri, kontrakt va tibbiy yordam: ayollar uchun ijtimoiy imtiyozlar kengaytirildi — hukumat qarori
28.07.2025 | 14:0034319
Kambag‘al oiladagi xotin-qizlar endi uylarini ta’mirlash uchun 20 mln 600 ming so‘mgacha bepul yordam olishi mumkin. Shuningdek, ayollar uchun ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun grant ajratish, OTM to‘lov kontraktlarini to‘lash hamda tibbiy amaliyot xarajatlarini qoplab berish ham ko‘zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2025 yil 23 iyulda «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga doir qaror qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan «Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kimlarga yordam beriladi?
Qarorga muvofiq, jamg‘armalarning moliyaviy yordami oylik daromadi har bir oila a’zosiga me’yoriy iste’mol xarajatlarining ikki barobaridan oshmaydiganlarga taqdim etiladi. Bu yordam ijtimoiy ehtiyojlarga qarab — fuqarolarga uy-joy sharoitini yaxshilash va sog‘lig‘ini saqlash yo‘nalishlarida ko‘rsatiladi.
Yordam viloyatlar va tumanlar kesimida aholining soni, nogironligi bo‘lgan fuqarolar va kam ta’minlangan oilalar ulushidan kelib chiqib taqsimlanadi.
Yana qanday imtiyozlar beriladi?
- Turar joy ijarasi uchun kompensatsiya to‘lash;
- Ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun grant ajratish;
- To‘lov kontraktlarini to‘lash;
- Tibbiy amaliyot xarajatlarini qoplab berish;
- Bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish;
- Yer uchastkalarini auksionda sotib olish xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan.
- Jarrohlik amaliyotisiz davolanish. Bunda BHMning 50 baravarigacha yordam beriladi.
- Jarrohlik amaliyoti uchun yordam. Bunda Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan qoplanishi belgilangan bazaviy narxlar belgilangan.





