add

UzAuto Motors: «Cobalt» tormoz tizimida nosozlik haqidagi xabarlar asossiz

26.10.2025 | 08:542861

UzAuto Motors AJ 2025 yilda ishlab chiqarilgan Cobalt avtomobili tormoz tizimidagi go‘yoki nosozliklar haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.

UzAuto Motors: «Cobalt» tormoz tizimida nosozlik haqidagi xabarlar asossiz

Ayrim Telegram kanallarida 2025 yilda ishlab chiqarilgan Cobalt avtomobilida tormoz tizimi ishlamay qolgani va Nukus shahrida shu sababli yo‘l-transport hodisasi yuz bergani haqidagi video va fotomateriallar tarqaldi. UzAuto Motors AJ bu ma’lumotlarni rasman inkor etdi.

Kompaniya bayonotida ta’kidlanishicha, Cobalt modelidagi avtomobillar bo‘yicha tormoz tizimidagi nosozlik haqida hech qanday shikoyat qayd etilmagan.

«Har bir avtomobil ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida ko‘p darajali sifat nazoratidan o‘tadi. Tormoz tizimi, xususan, ishlab chiqarish jarayonida vakuum orqali sinovdan o‘tkaziladi, avtomatik ravishda va nazorat ostida tormoz suyuqligi quyiladi», — deyiladi bayonotda.

UzAuto Motors ma’lumotiga ko‘ra, tormoz tizimidagi bloklanishga qarshi modul (ABS) va elektr bog‘lanishlarining ishlashi statik holda tekshiriladi, so‘ngra DVT (Dynamic Vehicle Test) bosqichida aylanuvchi stendda harakatlantirilib, real sharoitga yaqin muhitda sinovdan o‘tkaziladi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, u shunday turdagi xabarlarni diqqat bilan kuzatib boradi va foydalanuvchilarni tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka hamda jamoatchilikni chalg‘itmaslikka chaqiradi.

Yo‘l-transport hodisasining aniq sabablariga O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan aniqlik kiritilishi ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid