
UzAuto Motors ishlab chiqarishni yiliga 550 mingga yetkazmoqda
11.09.2025 | 08:0025133
Kompaniya ishlab chiqarish hajmini oshirib, xalqaro bozorda yangi qimmatbaho yevroobligatsiyalar emissiyasini amalga oshirish ustida ish olib bormoqda.

UzAuto Motors yaqin kunlarda yangi turdagi yevroobligatsiyalar emissiyasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya bosh direktori Yanosh Kovach intervyusida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, loyiha xalqaro bozorda yuqori baholanayotgan kompaniya faoliyatini moliyalashtirishni kengaytirishga qaratilgan.
Shu kunlarda Toshkentda ochilgan uchinchi presslovchi sex orqali kompaniya ishlab chiqarish hajmini 140 mingtaga oshirib, yillik 550 ming avtomobilga yetkazdi. Bu o‘z navbatida 470 nafar yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham xizmat qilmoqda. 2016 yilda bu ko‘rsatkich atigi 88,2 ming avtomobilni tashkil etardi.
Shuningdek, yil boshida Xorazm filialida bo‘yoq va payvandlash sexlari modernizatsiya qilinib, qo‘shimcha 30 ming avtomobil ishlab chiqarish imkoni yaratildi. Yanosh Kovachning ta’kidlashicha, zavoddagi texnologiyalar AQSHning General Motors standartlari asosida joriy qilingan.
Presslovchi sexda jarayonlarning 90 foizi avtomatlashtirilgan, kuzov yig‘ish jarayonida esa robotlashtirish darajasi 60 foizni tashkil etadi. Ammo sifat nazorati bo‘yicha GM tizimlari hali to‘liq joriy etilmagan. Kompaniya bu yo‘nalishda ham ishlarni kuchaytirishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, UzAuto Motors 2021 yilda 300 mln dollarlik ilk yevroobligatsiyalarini chiqargan, investorlar tomonidan ularga bo‘lgan talab 1,4 mlrd dollardan oshgan edi. Yakunlangan yarim yillikda kompaniyaning sof foydasi 27,5 foizga pasayib, 1,38 trln so‘mni tashkil qildi. Daromadlar va yalpi foyda mos ravishda 9,49 foiz va 22,8 foizga kamaygan.





