
Uzbekistan Airways 1 iyuldan Toshkent–Tel Aviv qatnovlarini qayta yo‘lga qo‘yadi
28.06.2025 | 21:0029942
Uzbekistan Airways 1 iyuldan boshlab Toshkentdan Isroil poytaxti Tel Aviv shahriga muntazam reyslarni qayta tiklaydi. Bu haqda milliy aviakompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Reyslar Toshkent — Tel Aviv — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha reja asosida amalga oshiriladi.
Aviakompaniya 16 iyundan 30 iyunga qadar Yaqin Sharqdagi harbiy keskinlik tufayli ushbu reyslarni vaqtincha to‘xtatgan edi. Bu qaror Tel Aviv xalqaro aeroporti havo hududidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar bilan izohlangan.
Shu haftada Rossiyaning Red Wings va «Azimut» aviakompaniyalari ham Moskva va boshqa shaharlardan Tel Avivga parvozlarni qayta boshlashini ma’lum qildi. «Kommersant» nashrining yozishicha, bu qaror Yaqin Sharqdagi vaziyat biroz barqarorlashgani bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, Tel Avivga Samarqanddan uchadigan samolyotlar qachon qatnoyni tiklashi ma’lum emas. Air Samarqand 29 iyun kuni Samarqand — Tel-Aviv reysini havo hududi yopilishi sababli bekor qilganini e’lon qildi. Kompaniya yaqin kunlarda Isroilga parvozlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini va’da qilgan. Qanot Sharq aviakompaniyasi esa hozircha bu borada ma’lumot bermagan.





