add

Uzbekistan Airways ichki reyslar uchun yangi qoidalar joriy etdi

Bugun 20:002 daqiqa

2026 yildan boshlab ichki parvozlarda birinchi reysga kechikkan yo‘lovchilarning qaytish chiptalari avtomatik bekor qilinmaydi.

Uzbekistan Airways ichki reyslar uchun yangi qoidalar joriy etdi

Uzbekistan Airways O‘zbekiston hududi bo‘ylab amalga oshiriladigan ichki reyslarda aviachiptalardan foydalanish bo‘yicha yangi qoidalarni joriy etdi.

Milliy aviakompaniya matbuot xizmatiga ko‘ra, o‘zgarishlar yo‘lovchilar tomonidan chiptada belgilangan yo‘nalish ketma-ketligi buzilgan holatlarga taalluqli bo‘lib, 2026 yil yanvaridan amal qila boshlaydi.

Amaldagi qoidalarga muvofiq, yo‘lovchini tashish shartnomasi aviachiptada ko‘rsatilgan yo‘nalish ketma-ketligida, ya’ni birinchi jo‘nash punktidan boshlab bajarilishi lozim. Biroq amaliyotda turli sabablarga ko‘ra ayrim yo‘lovchilar birinchi reysga ulgurmay qolishi yoki manzilga boshqa transport orqali yetib borishi holatlari kuzatilgan.

Ilgari bunday vaziyatda «borish–kelish» chiptasining keyingi qismi ham haqiqiy emas deb topilar edi.

Yangi tartibga ko‘ra esa, agar yo‘lovchi parvozning birinchi yoki undan oldingi qismidan foydalanmagan bo‘lsa, aviakompaniya keyingi barcha yo‘nalish qismlari uchun bronni avtomatik ravishda bekor qilmaydi.

Yo‘lovchi chiptada ko‘rsatilgan qolgan yo‘nalish bo‘yicha parvozni davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi.

Bu qaror ichki reyslardan foydalanuvchi minglab yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Shu bilan birga, aviakompaniya moliyaviy masalalar bo‘yicha aniq cheklovlarni saqlab qolmoqda. Tarif turidan qat’i nazar, foydalanilmagan parvoz qismlarining qiymati qaytarilmaydi. Faqatgina foydalanilmagan reyslar uchun to‘langan ayrim aeroport yig‘imlarini qaytarib olish imkoniyati mavjud.

Bundan tashqari, foydalanilmagan parvoz qismlari bo‘lgan chiptalar qayta rasmiylashtirish uchun qabul qilinmaydi.

Xalqaro reyslar uchun esa avvalgi standart qoidalar amal qiladi. Agar yo‘lovchi yo‘nalishning birinchi yoki undan oldingi qismiga chiqmasa, keyingi barcha parvozlar uchun bron hech qanday ogohlantirishsiz avtomatik ravishda bekor qilinadi.

Bunday holatda yo‘lovchi chiptani qayta rasmiylashtirishi yoki to‘lovni qaytarishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2025 yil avgust oyida Raqobat qo‘mitasi aviakompaniyaga ichki reyslarda tashish qoidalarini o‘zgartirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Ilgari amal qilgan tartib yo‘lovchilar o‘rtasida ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid