
Uzbekistan Airways va China Southern o‘rtasida strategik hamkorlik memorandumi imzolandi
01.08.2025 | 20:0019922
O‘zbekistonning milliy aviakompaniyasi Uzbekistan Airways hamda Xitoyning yetakchi aviatashuvchisi China Southern Airlines o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandum doirasida tomonlar interlayn va kod-sher hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yuk tashish sohasida qo‘shimcha imkoniyatlarni joriy etish va xizmat sifati darajasini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuxrat Hudayqulov memorandum bo‘yicha so‘z yuritar ekan, Xitoyning aviabozori milliy aviakompaniya uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, China Southern bilan sheriklik ikki tomonlama aviaqatnovlarni kengaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va O‘zbekiston-Xitoy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
China Southern Airlines prezidenti va bosh direktori Xan Venshen ham mazkur hamkorlik orqali yo‘lovchilarga ko‘proq reyslar, yuqori sifatli xizmatlar va mintaqalararo iqtisodiy va madaniy aloqalarni kuchaytirish imkoni yaratilishini bildirgan.
«Tuzilgan bitim Uzbekistan Airways'ning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va asosiy mintaqalardan biri bilan transport bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha barqaror yo‘nalishining mantiqiy davomi hisoblanadi», deyiladi aviakompaniya bayonotida.





