«UzTEST» markazi tugatilmoqda: sohalar to‘liq xalqaro standartlarga o‘tadi
Texnik tartibga solish tizimi xalqaro talablarga moslashtiriladi, eskirgan standartlar bekor qilinadi hamda sinov va sertifikatlash xizmatlari to‘liq xususiy sektorga beriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni texnik tartibga solish sohasini xalqaro talablar asosida yangilash bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. So‘nggi to‘rt yilda milliy standartlarning yarmi xalqaro talablarga uyg‘unlashtirildi, akkreditatsiya tizimi 185 davlat orasida 29-ўринни egalladi. Milliy laboratoriyalar natijalari 37 davlat tomonidan tan olina boshladi.
Shu bilan birga, xavf darajasi yuqori bo‘lgan 156 tovar pozitsiyasini majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bekor qilindi, majburiy sertifikatlash 27 foizga qisqardi. Biroq Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida tizim to‘liq xalqaro standartlarga moslashtirilishi shart ekani ta’kidlandi.
Bozor nazoratiga o‘tish
Amaldagi tartibga ko‘ra, talabga javob bermaydigan mahsulot aniqlanganda tadbirkor faoliyati cheklanadi. Rivojlangan davlatlarda esa xavf-tahlil asosida bozor nazorati amal qiladi va ishlab chiqaruvchi mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalaydi.
Shu munosabat bilan davlat nazoratidan bosqichma-bosqich voz kechilib, «Bozor nazorati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. 33 mingdan ortiq standartning 50 foizi eskirgani sabab 6 texnik reglament bekor qilinadi, 29 tasi qayta ko‘rib chiqiladi. 2026 yilda 4 460 ta, 2027 yilda 2,5 mingdan ziyod, 2028 yilda 817 ta xalqaro standart qabul qilinadi.
2026 yil 1-iyuldan to‘qimachilik, charm, mebel, elektrotexnika, avtomobilsozlik va axborot texnologiyalari sohalarida, 2027 yildan neft-gaz, metallurgiya, transport, qurilish va tibbiyotda, 2028 yildan energetika va kimyoda to‘liq xalqaro standartlarga o‘tish rejalashtirilgan.
Institutsional o‘zgarishlar
Sertifikatsiya tizimi soddalashtiriladi, majburiy sertifikatlash bosqichma-bosqich deklaratsiyalashga o‘tkaziladi. «Mahsulotning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qabul qilish taklif etildi.
Texnik tartibga solish agentligi tarkibi qisqartirilib, «UzTEST» markazi tugatiladi, Akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Sinov va sertifikatlash xizmatlari xususiy sektorga beriladi. Ayni paytda 207 sinov laboratoriyasi va 73 sertifikatlash idorasi faoliyat yuritmoqda. Bozorga «Intertek», «SGS», «Bureau Veritas», «TÜV» kabi xalqaro kompaniyalar jalb qilinadi.
Davlat rahbari yangi tizimni joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.





