add

Uzum, Korzinka va Centrum xalqaro IPOga tayyorlanmoqda: nega Toshkentda emas?

23.10.2025 | 18:006402

O‘zbekistonning uchta yirik xususiy kompaniyasi xalqaro birjalarga chiqish rejasini e’lon qildi. Nega bu kompaniyalar aksiyalarini Toshkent fond birjasida joylashtirmayapti?

Uzum, Korzinka va Centrum xalqaro IPOga tayyorlanmoqda: nega Toshkentda emas?

Uzum 2027 yilda Londonda 2-3 milliard dollarlik baholanishni kutmoqda, Centrum Holding 2026 yil oxirigacha xalqaro listingni amalga oshirishni mo‘ljallagan. Korzinka esa aniq muddatni ochiqlamagan bo‘lsa-da, tayyorgarlik bosqichida ekani ma’lum.

Barcha e’tibor xorijga qaratilgan, ammo savol tug‘iladi: nega bu kompaniyalar aksiyalarini Toshkent fond birjasida joylashtirmayapti?

Respublika fond birjasi (UZSE) hali yirik joylashtirishlar uchun to‘liq tayyor emas. Uning umumiy kapitalizatsiyasi 8-10 trln so‘m, taxminan 600–700 mln dollar atrofida, kunlik savdo hajmi esa 1-2 mln dollarni tashkil etadi. So‘nggi yillarda o‘tkazilgan IPOlar asosan kichik kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri kelgan va investorlar uchun yetarli likvidlikni ta’minlay olmagan. Masalan, London yoki Nasdaq birjalari trillionlab dollarlik kapitalizatsiyaga ega, global investorlar faol ishtirok etadi, aksiyalarni sotish yoki sotib olish daqiqalar ichida amalga oshadi.

Kompaniyalar xalqaro birjalarni nega tanlamoqda?

Birinchidan, xorijiy birjalarda kompaniyalar qiymati yuqoriroq baholanadi, texnologik yoki iste’mol sektori kompaniyalari O‘zbekistonga nisbatan ikki-uch baravar qimmat narxda sotilishi mumkin.

Ikkinchidan, xalqaro investorlar: pensiya fondlari, investitsiya jamg‘armalari va venchur kapital egalari O‘zbekistonda deyarli yo‘q. Mahalliy investorlar soni kam, institutsional investorlar tizimi esa endigina shakllanmoqda.

Uchinchidan, likvidlik past: Respublika fond birjasida aksiyalarni tez sotish yoki katta hajmda bitim tuzish qiyin. Bundan tashqari, reyting agentliklari, mustaqil tahlilchilar va bozor infratuzilmasi yetarli darajada shakllanmagan.

Uzum, Korzinka va Centrumʼning xalqaro bozorga chiqish rejalari O‘zbekiston biznesining global ambitsiyasini ko‘rsatmoqda. Ammo bu tendensiya bir savolni ochiq qoldiradi: agar eng yirik kompaniyalar kapitalni faqat chetdan izlayotgan bo‘lsa, ichki fond bozori qanday rivojlanadi?

Kelajakda hukumat va regulyatorlar oldida ikki yo‘l turibdi: mahalliy bozorni jozibador qilish yoki O‘zbekiston brendlarini xalqaro listingda qo‘llab-quvvatlash. Bu yo‘l mamlakat kapitalining qayerda to‘planishini belgilaydi.

 G.Bozorova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid