
Vashingtonda Isroil elchixonasi xodimlari otib o‘ldirildi
22.05.2025 | 11:5230703
Vashington markazidagi Yahudiy muzeyi yaqinida ikki nafar Isroil elchixonasi xodimining otib o‘ldirilishi bo‘yicha gumonlanuvchi hibsga olindi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, u hujumdan so‘ng «Falastinga erkinlik» deb baqirgan.

Metropoliten politsiyasi rahbari Pamela Smitning aytishicha, gumonlanuvchi — 30 yoshli Elias Rodriges Chikagodan bo‘lib, hujumdan avval muzey oldida yurib yurgani kuzatilgan. U to‘rt kishidan iborat guruhga otish ochgan va ikkisini o‘ldirgan. Qolganlar va muzey xodimlari xavfsizlik xodimlari tomonidan himoyalangan.
Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 21:05 da yuz bergan. Bu hududda turli davlat muassasalari, muzeylar, jumladan, FBRning Vashington bo‘limi joylashgan.
Isroilning AQSHdagi elchisi Yexiyel Layter ta’kidlashicha, qurbon bo‘lgan juftlik yaqin kunlarda nikohga kirishni rejalashtirgan, erkak esa yaqinda uzuk sotib olgan va sevgilisiga Quddusda turmush qurish taklifini qilmoqchi bo‘lgan. Qurbonlarning ismlari hozircha oshkor etilmadi.
AQSH Ichki Xavfsizlik departamenti rahbari Kristi Noyem hodisani «aqlga sig‘mas zo‘ravonlik» deb atab, jinoyatchi javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.
Isroilning BMTdagi elchisi Dani Danon esa buni «antisemitizm asosidagi terrorizm akti» deb baholadi.
Hodisa ortidan shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirildi, markaziy ko‘chalar vaqtincha yopildi. Djorjtaun universiteti kampusi ham qisqa muddatga lokdaunga tushdi.
Eslatib o‘tamiz, muzey yaqinda LGBT faxriga bag‘ishlangan yangi ko‘rgazma sababli xavfsizlik choralarini kuchaytirish uchun grant olgandi. Muzey direktori Beatris Gurvitsning ta’kidlashicha, AQSHda yahudiy muassasalari antisemitizm fonida doimiy tahdid ostida qolmoqda.





