add

«Vatandosh» kartasi egalari davlat bojidan ozod etiladi

07.10.2025 | 10:403703

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi loyiha ham ko‘rib chiqildi.

«Vatandosh» kartasi egalari davlat bojidan ozod etiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Shu jumladan, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi loyiha ham ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasiga ko‘ra, «Vatandosh» kartasiga ega fuqarolar va ularning oila a’zolari migratsiya hamda fuqarolik xizmatlari uchun davlat boji to‘lamaydi. Fraksiya yig‘ilishida ma’lum qilinganidek, mazkur qonun loyihasi «Vatandosh» kartasi egalari va ularning oila a’zolari uchun migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida yanada qulay shart-sharoitlar yaratishni maqsad qiladi. Yangi tartibga ko‘ra, ular ushbu xizmatlar bo‘yicha ayrim davlat xizmatlari uchun davlat boji to‘lashdan ozod etiladi. Fraksiya a’zolari ta’kidlashicha, bu tashabbus xorijda istiqomat qilayotgan hamyurtkalar bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning O‘zbekiston bilan ma’naviy va iqtisodiy bog‘liqligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yig‘ilishda Senat tomonidan rad etilgan «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida»gi qonun bo‘yicha qo‘shma kelishuv komissiyasini tuzish masalasi ham muhokama etildi. Qonunchilik palatasi deputatlari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladilar. Fraksiya bayonotida qayd etilganidek, keyingi yillarda vatandoshlarni tarixiy vatan atrofida jipslashtirish, ularning yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini oshirish va mamlakat rivojiga qo‘shgan hissasini rag‘batlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid