
Vazir Laziz Qudratov prezidentning talabini chetlab o‘tdimi?
30.08.2025 | 13:3049943
Prezident milliy avtomobil talabini belgilaganiga qaramay, vazirlik tendersiz tartibda xorijiy kompaniyadan qimmat avtomobil xarid qildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi «ASTANA MOTORS COMPANY» bilan 396,6 mln so‘mlik BYD Song Plus avtomobilini tendersiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida xarid qildi. Shartnoma Toshkentda shu yilning 28 avgust kuni imzolangani ko‘rsatilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yil 5 mart kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida xizmat mashinalari sonini qisqartirish va milliy avtomobillarda yurish talabini qat’iy belgilagan edi. Shunga qaramasdan, vazirlik tomonidan tanlangan «ASTANA MOTORS COMPANY» xorijiy kompaniya bo‘lib, u Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan A. G. OVERSEAS PTE. LTD ga tegishli. 2022–2025 yillarda mazkur kompaniya O‘zbekiston hukumatiga eng ko‘p avtomobil yetkazib bergan xorijiy firmalardan biri hisoblanadi. Iqtisodiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil ikkinchi choragida mamlakatning davlat qarzi 43,3 mlrd dollarga yetgan. Shuning 36,4 mlrd dollari tashqi qarz, 6,9 mlrd dollari esa ichki qarzni tashkil qiladi. Xorijiy avtomobil xaridi fondida bu qaror jamoatchilikda savollar uyg‘otdi. Chunki prezidentning talabiga zid holda amalga oshirilgan bu kelishuv davlat resurslaridan oqilona foydalanish masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.




