
Vazirlik talabalar stipendiyalari nega kechikayotganiga izoh berdi
10.10.2025 | 10:404352
Avvalroq Vaqt.uz bir nechta oliygoh talabalari stipendiya ololmayotganini haqida xabar bergan edi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bunga rasmiy munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir qator oliy ta’lim muassasalarida talabalar stipendiyasining o‘z vaqtida to‘lanmayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘zbekiston Milliy universiteti, Konservatoriya, San’at va madaniyat instituti, Toshkent davlat agrar universiteti hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalaridan bu borada Vaqt.uz'ga murojaatlar kelgan.
Bu holat bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy izoh berdi. Ma’lumotga ko‘ra, barcha oliygohlarda yuqori bosqich talabalariga stipendiyalar to‘liq to‘lab berilgan. Biroq ayrim ta’lim muassasalarida birinchi bosqich talabalari uchun stipendiya tayinlash bo‘yicha buyruqlarni rasmiylashtirish va bank kartalarini ochish jarayoni kechikkani sababli to‘lovlar hozircha amalga oshirilmagan.
«Hozirda mazkur buyruqlar to‘liq rasmiylashtirilmoqda va barcha oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiya to‘lovlari joriy hafta yakuniga qadar amalga oshiriladi», — deyiladi vazirlik bayonotida.





