add

Venesuela inqirozi Putinni yana bir bor sharmanda qildi — «Politico»

06.01.2026 | 17:582 daqiqa

AQSHning Maduroni yashin tezligida qo‘lga olishi Rossiyaning o‘z ittifoqchilarini himoya qila olmasligini yana bir bor ko‘rsatib berdi va Kremlning ko‘pqutbli dunyo haqidagi da’volarini shubha ostiga qo‘ydi.

Venesuela inqirozi Putinni yana bir bor sharmanda qildi — «Politico»

AQSHning Venesuelada puxta tashkillashtirilgan va yashin tezligida o‘tkazgan harbiy operatsiyasi Rossiya uchun jiddiy geosiyosiy zarba bo‘ldi. Venesuela rahbari Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi nafaqat Donald Tramp ma’muriyatining kuch namoyishi, balki Moskva uchun obro‘ va ishonch yo‘qotish sifatida baholanmoqda, deb yozmoqda «Politico» nashri.

Nashrga ko‘ra, mazkur voqea Rossiya prezidenti Vladimir Putin ilgari surgan «ko‘pqutbli dunyo» konsepsiyasining amaliy zaifligini ochib berdi. Karakasdan Tehrongacha cho‘zilgan aksilg‘arb alyansi haqidagi da’volar AQSHning ikki yarim soat ichida amalga oshirilgan operatsiyasi oldida samarasiz ekani namoyon bo‘ldi. Bu paytda Rossiya esa Ukrainaga qarshi urushda to‘rtinchi yildirki, belgilangan maqsadlarga erisha olmayapti.

Kremlning sobiq spichrayteri va siyosatshunos Abbas Gallyamovning fikricha, Putin Trampga «og‘riqli hasad qilayapti». Uning ta’kidlashicha, AQSH Venesuelada Rossiya Ukrainada amalga oshira olmagan ishni bajardi. Shu mazmundagi fikrlar Rossiyadagi radikal millatchi doiralarda ham yangramoqda.

Koloniyada jazo o‘tayotgan Z-patriot Igor Strelkov-Girkin ham Rossiyaning yana bir bor o‘z ittifoqchisini himoya qila olmaganini pisanda qilgan. Unga ko‘ra, Moskva navbatdagi tashqi siyosiy inqirozda «yuzini yo‘qotdi». Bu Venesuela bilan cheklanib qolmayapti.

Nashrning eslatishicha, avvalroq Rossiya Qorabog‘ muammosiga aralasholmadi, Suriyada Bashar Asad rejimini saqlab qololmadi va Eron AQSH hamda Isroil zarbalariga duch kelganda ham amaliy yordam ko‘rsatmadi. Endi esa Nikolas Maduro ham Rossiyadan boshpana olmadi va Nyu Yorkda sud oldida javob bermoqda. «Politico»ga ko‘ra, aynan shu holat Kreml uchun eng og‘ir zarba bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid